Koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanib borayotgan mamlakatlar bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta yoʻlga qoʻyish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari hamda investitsiya loyihalari doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika maxsus komissiyaning axborot berishicha, joriy yilning 15-iyunidan quyidagi toifadagi shaxslarga aviaqatnovlar orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan davlatlarga:
a)Oʻzbekiston Respublikasidan kirish va chiqishga ruxsat berildi:
– xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila aʼzolari;
– investitsiya loyihalari doirasidagi Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;
– davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;
– xorijda yaqin qarindoshlari yoxud ogʻir kasal boʻlgan qarindosh-urugʻlari mavjud boʻlgan shaxslar;
– xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari soʻrovlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib oʻtilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;
– Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy roʻyxatdan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
– oʻqish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi. Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qatʼiy amal qilgan holda tashkil etiladi.
– sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan (yashil reyslar) — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) kirib kelgan shaxslar KARANTIN NAZORATIGA OLINMAYDI;
– koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) — Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida UY KARANTINI nazoratiga olinadi;
– koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reyslar — evakuatsiya reyslari) — qolgan boshqa davlatlar, shu jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida KARANTIN nazoratida SAQLANADI.
Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan va yaxshilanayotgan mamlakatlarda aviareys qatnovi kuniga qadar uzluksiz 14 kundan kam boʻlgan, shuningdek, ogʻir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasiga kelish uchun AVIABILETLAR REALIZATSIYA QILINMAYDI.