Margʻilon shahrida foydalanishga topshirilgan Raqamli texnologiyalar markazi yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadiga yoʻnaltirilgan.
Bu yerda elektron axborot resurs markazi, 60 oʻrinli anjumanlar zali, muzokaralar xonasi, videostudiya joy olgan boʻlib, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan.
Yoshlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni shakllantirish hamda “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud. Yoshlar, tadbirkorlar va hunar oʻrganish istagidagi boʻlganlar markazda axborot texnologiyalarini oʻzlashtirib, dasturiy mahsulotlar yaratishi ham mumkin.
Markazda yil davomida 2 mingdan ortiq mutaxassislarni tayyorlash imkoni mavjud.
Muqimjon QODIROV(surat), OʻzA