Germaniyaning “Gala” va “LUXIDERS” jurnallarida “Orzuingizdagi yagona va betakror matolar nusxasi” va “Belle Ikat, boqiylikka daxldor betakror mato” nomli o‘zbek ipagiga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi.
Maqolalarda mamlakatimizning Germaniyadagi Bosh konsulligi “Belle Ikat” dizaynerlik uyi bilan hamkorlikda o‘zbek ipakchiligi salohiyatini dunyoga tanitish va ipak matolarini Yevropa bozoriga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirayotgan ishlar o‘z aksini topgan.
Yevropa va Rossiyada qariyb 2,5 million o‘quvchiga ega jurnal o‘z sahifasida ipak matolar haqida ma’lumot beradi. Nashrda Manhaym shahrida asos solingan “Belle Ikat” dizaynerlik uyida O‘zbekistonning betakror ipak mahsulotlaridan zamonaviy kiyimlar yaratilayotgani ta’kidlanadi.
“Inson mehri yo‘g‘rilgan bunday o‘ziga xos va betakror bezaklarga ega matoni faqatgina qo‘l mehnati bilan yaratish mumkin. Aynan shuning uchun ushbu matolardan tayyorlanadigan kiyimlar bir nusxada bo‘ladi”, deya qayd etiladi maqolada.
Nemis moda olamidagi yana bir “LUXIDERS” jurnali esa adras va atlasdan tikilgan xotin-qizlarning betakror va rang-barang kiyimlari fotosuratlari bilan bezatilgan. Unda “Belle Ikat” dizaynerlik uyi rahbari Izabella Shtadler O‘zbekistonga ilk safari va o‘zi uchun o‘zbek ipagini kashf etgani haqida qiziqarli intervyu chop etildi.
“Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasiga tashrifim davomida o‘zbek xalqining madaniyati, hunarmandlarning qo‘l mehnati bilan yaratilgan mahsulotlar va mehmondo‘st o‘zbek xalqi menda ajoyib taassurot qoldirdi. Sayohatdan o‘zim bilan bir necha kiyimlik ipak matolar olib kelgan edim. Ularni nima qilishni ko‘p o‘yladim va menda ajoyib fikr tug‘ildi, ya’ni betakror o‘zbek adrasidan G‘arb modasi uslubda kiyimlar tiktirdim. Shu tarzda “Belle Ikat” modalar uyi g‘oyasi dunyoga keldi”.
Maqolada, shuningdek, Marg‘ilon ipak fabrikasida to‘qilgan matolardan Buyuk ipak yo‘lidagi go‘zal shahar “Samarqand” nomi bilan ataluvchi yangi mavsumiy to‘plam yaratilgani va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z boradi.