O‘zbekistonda Energetika vazirligi tomonidan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda past uglerodli rivojlanish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri vazirlik manbasiga asoslanib.
Joriy yil may oyining boshida O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki ishtirokida mamlakatni 2030 yilga qadar elektr energiyasi bilan ta’minlash Konsepsiyasi qabul qilingan edi. Mazkur hujjat mavjud elektr stansiyalarni modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atom elektr stansiyalari hisobiga elektrogeneratsiyaning yangi turlarini yaratishni nazarda tutadi. Bu chora-tadbirlar 2030 yilga kelib issiqlik gazlarining atrof-muhitga ajralishini 2010 yilga nisbatan 10 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Hozirgi kunda ushbu konsepsiya asosida O‘zbekistonda kam uglerodli milliy energetika strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Strategiyani tayyorlash jarayoniga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari jalb etilgan.
– Kam uglerodli energetikaga o‘tish strategiyasi mamlakat energetika tizimini modellashtirish usullari va istiqbolga mo‘ljallangan taraqqiyotning taxminiy ssenariylari yordamida ishlab chiqilmoqda. Bu bilan Corporate Solutions xalqaro konsalting kompaniyasi shug‘ullanmoqda, — deya ta’kidladi O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov. – Shu bilan bir vaqtda biz Germaniya, Ispaniya, Yaponiya tajribasini o‘rganayapmiz. Biroq, bu mamlakatlar tajribasini O‘zbekiston sharoitida to‘liq ravishda qo‘llash mumkin emasligini ham e’tiborda olish lozim. O‘zbekiston uchun xalqaro tajribadan maksimal ravishda foydalangan holda rivojlanishning individual rejasi tanlanadi.
Rejaga ko‘ra, 2030 yilga kelib O‘zbekistonda umumiy quvvati 3 GVt bo‘lgan shamol elektrostansiyalari, quvvati 5 GVt bo‘lgan quyosh elektrostansiyalari, shuningdek, quvvati 2,4 GVt bo‘lgan atom elektr stansiyasi qurilishi belgilangan.