O‘zbekiston va Germaniya mutaxassislari koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi

O‘zbekiston va Germaniya mutaxassislari koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi

O‘zbekiston Sog‘liq saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali hamda Germaniyaning Myunxengladbax shahridagi neyroxirurgiya klinikasi hamkorligida onlayn-uchrashuv tashkil etildi.

Onlayn-uchrashuvda COVID-19ga qarshi kurashishda to‘plangan xalqaro tajriba o‘rganildi, respublikamiz tibbiy muassasalalari xodimlari va germaniyalik mutaxassislar bu borada qilinayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Myunxengladbax shahridagi neyroxirurgiya klinikasi rahbari, vatandoshimiz Kozim Fisher va GFR Bundesveri Markaziy gospitali kardiolog shifokori, asli o‘zbekistonlik Alisher Rahmatov respublikamizning COVID-19ni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalari hamda tibbiy oliy taʼlim muassasalari vakillariga Germaniyada koronavirusni aniqlash va davolash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va tajriba haqida batafsil so‘zlab berdi.

Jonli muloqot va savol-javoblar ko‘rinishida o‘tkazilgan veb-muloqotda koronavirusga qarshi kurashishga oid zamonaviy bilimlar, O‘zbekiston va Germaniya mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da jonlantirish, sohaga ilg‘or texnologiya va nou-xaularni izchil joriy qilish istiqbollari xususidagi fikrlar izhor qilindi.

Onlayn-muhokamalar zoom, youtube va facebook ijtimoiy tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.

FRANKFURT-MAYN, 2 iyun. /“Dunyo” AA/.