Yevropada joylashgan xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlar bilan muloqot o‘tkazildi

Yevropada joylashgan xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlar bilan muloqot o‘tkazildi

 Yevropada joylashgan xalqaro tashkilotlar — Jahon bojxona tashkiloti, Energiya xartiyasi kotibiyati, turli kompaniya hamda universitetlarda faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlar ishtirokida O‘zbekiston va Benilyuks mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 

Mamlakatimizning Bryusseldagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, vatandoshlarning ushbu jarayonga ko‘maklashish imkoniyatlari, shu jumladan, O‘zbekiston va Yevropa korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi D.Hakimov tadbir qatnashchilariga davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan investitsiya va eksport siyosati, investorlarga taqdim etilgan huquqiy kafolatlar, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ishtirokchilar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ularni amalga oshirish jarayonlarida ishtirok etish, ushbu yo‘nalishda maslahatlar berishga chaqirildi. Yevropada O‘zbekistonning manfaatlarini ilgari surishda ularning tajribasi va roli muhimligi ta’kidlandi.

Munozaralar chog‘ida «Batenborch» xususiy kompaniyasi direktori A.Suvorov zamonaviy bilim va texnologiyalarni izchil o‘zlashtiradigan kompaniyalarning biznes loyihalari ustida ishlaydigan xorijiy investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish muhim rol o‘ynashini aytib o‘tdi. U O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda yosh tadbirkorlarni Yevropa standartlariga muvofiq tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Xususiy tadbirkor D.Izamova O‘zbekistonda ishbilarmonlar savdo-iqtisodiy sohada faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, mamlakatning meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari Yevropa savdo markazlarida sotilayotgan xorijiy tovarlar bilan munosib raqobatlasha oladi.

Forum amaliy va interfaol ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar bunday tadbirlarning muntazam ravishda o‘tkazib turishga kelishib oldi. Bunday muloqotlar o‘zaro fikr va tajriba almashish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida xorijlik tadbirkorlarni xabardor qilish, shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish uchun qulay maydoncha bo‘lib xizmat qiladi.

BRYUSSEL, 2 iyun. /«Dunyo» AA/.