“Berliner Telegraph”: “Tashvishning begonasi bo‘lmaydi”

“Berliner Telegraph”: “Tashvishning begonasi bo‘lmaydi”

“Berliner Telegraph” jurnali veb-sahifasida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan “Tashvishning begonasi bo‘lmaydi” sarlavhali maqola chop etildi.

Maqola muallifi viloyatda qayta tiklash va qurilish ishlari qizg‘in davom etayotgani va 1 sentyabrgacha aholi yangi uylarga ko‘chib o‘tishi haqida xabar qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yuz bergan hodisadan zarar ko‘rgan hudud aholisi bilan uchrashuv paytida aytgani ta’kidlanadi.

Materialda davlatimiz rahbari yangi bunyod etilayotgan uylar poydevoriga tamal toshi qo‘ygani aytilgan. Muallif butun O‘zbekiston aholisi sirdaryoliklarga yordam qo‘lini cho‘zganini qayd etgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar, vatandoshlar va hamkorlardan insonparvarlik yordami kelishda davom etmoqda, deya ta’kidlagan nemis nashri.

Jurnalist Germaniyada yashayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarning Sirdaryo viloyati aholisini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashdagi ishtiroki haqida ham xabar bergan. “Germaniyada yashayotgan o‘zbekistonliklar tomonidan Sirdaryo viloyatida tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlar uchun 10 ming yevrodan ortiq mablag‘ yig‘ilgan. Bonn shahridagi “Germaniya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati, “Humo” madaniy jamiyati va ushbu hodisaga befarq bo‘lmagan fuqarolar gumanitar yordamni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi ushbu jamoat tashkilotlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. To‘plangan barcha mablag‘ jabrlanuvchilarga tarqatiladi”, – deb yozadi “Berliner Telegraph”.