O‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar Germaniya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar Germaniya tajribasini o‘rganmoqda

Mamlakatimiz yosh fermerlarini Germaniya qishloq xo‘jaligi tajribasi bilan tanishtirish, ularning kelgusidagi biznes-g‘oyalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga bag‘ishlangan vebinar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Yosh fermerlar kengashi va germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan onlayn-tadbirning asosiy maqsadi mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga ko‘maklashish, unga ilg‘or xalqaro tajribani keng jalb etish va sohada yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratildi.

“Chorvachilikda Germaniya tajribasi” mavzuida o‘tkazilgan anjumanda “Cremer Holding GmbH & Co. KG” xolding guruhi tarkibiga kiruvchi “Gelamin” va “Deuka” kompaniyalari menejerlari, o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar qatnashdi.

O‘zbekistonlik yosh fermerlar Bektemir Nurliyev va Lochin Oripov tomonidan tayyorlangan sohaga oid taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Zoom, Youtube va Facebook ijtimoiy tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilgan vebinarda o‘zbekistonlik mutaxassislar Germaniya chorvachilik sohasining bugungi kundagi ahvoli, tarmoqqa joriy etilayotgan yangiliklar, xususan, zotdor chorva mollarini ko‘paytirish va parvarishlash bo‘yicha to‘plangan tajriba, o‘zaro hamkorlik istiqbollari bilan tanishdi.

Yosh o‘zbek chorvadorlari germaniyalik hamkorlar bilan sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirish, jumladan, mahsulotlar eksportini oshirish bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qildi.

Tadbir doirasida “Gelamin” va “Deuka” kompaniyalari vakillari O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi hamda yosh mutaxassislarga amaliy yordam ko‘rsatish, ular uchun Germaniyada tajriba almashish kurslarini tashkil etish haqida ham o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.