BIR SAVOLGA BIR JAVOB: Oʻzbekiston transport tizimi qanday isloh qilinadi?

BIR SAVOLGA BIR JAVOB: Oʻzbekiston transport tizimi qanday isloh qilinadi?

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash va izchil rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilishda yangicha sharoit va talablar asosida transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash masalalari muhokama qilindi va topshiriqlar berildi.

BIR SAVOLGA BIR JAVOB: Oʻzbekiston transport tizimi qanday isloh qilinadi?

SAVOL: bu topshiriqlar ijrosi doirasida mamlakat transport tizimida qanday islohotlar kutilmoqda?

Jasur CHORIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosari:

– Transport vazirligi va boshqa aviatsiya tashkilotlari sohaga yangi texnologiyalarni kiritish, yangi mexanizmlarni joriy qilish, yoʻqotilgan daromadlarni optimallashtirish, xarajatlarni kamaytirish boʻyicha kerakli chora-tadbirlarni olib boryapti. Aviatsiya sohasi hech qachon toʻxtab qolgan emas. Bu tarmoq 24 soat davomida ishlab turibdi.

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, endilikda ham biz bitta joyda toʻxtab qolmasligimiz kerak. Iloji boricha jahon tajribasini, qoʻshni mamlakatlarda qilinayotgan, tatbiq etilayotgan normalarni tezroq va mukammal kiritib borishimiz zarur. Bu borada yuk va yoʻlovchi tashish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, sohaga “visa-free” tushunchalarni kiritish boʻyicha dolzarb takliflarni ishlab chiqishimiz kerak. Oʻylaymizki, xorijlik sayyohlar mamlakatimizga xavotirsiz kela oladigan sharoitlar yaratamiz. Yuk tashish imkoniyatlarimizni oshirish, samolyot qatnovlarini koʻpaytirish va tariflarni optimallashtirib, eksportyorlarimizga mahsulotlarini chet eldagi yangi bozorlarga chiqarishga imkoniyat yaratishni moʻljallaganmiz.

Yoʻlovchi poyezdlar qatnovi bosqichma-bosqich koʻpaytiriladi. Pandemiya davrida temir yoʻl orqali yuk tashishga talab keskin koʻpaygan. Xususan, xalqaro yuk tashuvlarda temir yoʻlning ulushi 75 foizdan 87 foizga oshdi. Bu esa xizmatlar sifatini yaxshilash va tannarxni tushirish orqali mijozlarni koʻpaytirish uchun yaxshi imkoniyat. Lekin “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimida asosiy vositalarning eskirgani, jamiyat tarkibida nosohaviy aktivlarning koʻpligi asosiy faoliyatni rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Bu boʻyicha ham chora-tadbirlarni boshlab yubordik.

Husniddin HOSILOV, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisi vazifasini bajaruvchi:

– Prezidentimiz pandemiya sharoitida transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar, bu qiyinchiliklarga qanday yechim topish, yangi takliflarni ishlab chiqish boʻyicha tegishli topshiriqlarni berdi.

Pandemiya sharoitida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda yuk tashish jarayoni va hajmlari boʻyicha hech qanday yoʻqotishlarga yoʻl qoʻyilmadi. Faqatgina yoʻlovchi tashish boʻyicha yoʻqotishlar kuzatildi. Yoʻlovchi tashish sohasida hozirgacha “Toshkent – Buxoro” va “Toshkent – Qarshi” yoʻnalishlariga “Afrosiyob” poyezdi, Andijonga yoʻlovchi poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻygan boʻlsak, Prezidentimiz sekin-asta poyezdlar qatnovini va sonini koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berdi. Bu yoʻnalishlar boʻyicha aniq takliflarimiz bor va ularni qisqa muddat ichida kiritamiz.

Shu bilan birga yigʻilishda kompaniya daromadlarini keskin koʻtarish vazifasi qoʻyildi. Maqsad – soha infrastrukturasini rivojlantirish etib belgilandi.