Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga 375 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga 375 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) Direktorlar kengashi koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarini yumshatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga 375 million AQSh dollari ekvivalentidagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratishni ma’qulladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Mazkur qarz mablag‘laridan foydalanish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshirilgan xarajatlar ustidan mustaqil audit amalga oshiradi hamda audit natijalari moliya yili yakunidan so‘ng 6 oy mobaynida e’lon qilib boriladi.

Ma’lumot uchun, imtiyozli kreditlar o‘z ichiga 10 yillik muddat bilan (5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda) 125 million AQSh dollariga teng foizsiz tezkor kreditlash liniyasi (Rapid Sredit Fasility) va 5 yillik muddat bilan (3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda) foiz stavkasi yillik 1,05 foizga teng bo‘lgan 250 million AQSh dollari miqdoridagi tezkor moliyalashtirish instrumentini (Rapid Finansing Instrument) ko‘zga tutadi.
TOSHKENT, 19-may. /«Dunyo» AA/.