Olimlarimiz Oʻzbekistondagi bemorlarning SARS-CoV-2 koronavirusi shtammlari genini aniqladilar

Olimlarimiz Oʻzbekistondagi bemorlarning SARS-CoV-2 koronavirusi shtammlari genini aniqladilar

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi olimlari Oʻzbekistondagi bemorlarda aniqlangan SARS-CoV-2 koronavirusining bir nechta shtammlarining DNK ketma-ketligini aniqladilar.

Olimlarimiz Oʻzbekistondagi bemorlarning SARS-CoV-2 koronavirusi shtammlari genini aniqladilar

— Genotip tahlili (genotiplash) SARS-CoV-2 genomining asosiy qismidagi mutatsiyalarni aniqlash uchun muhim vositadir, — deydi Ilgʻor texnologiyalar markazi direktori oʻrinbosari Alisher Abdullayev. — Maʼlumki, koronavirus oʻzining tarkibiy oqsillarini kodlaydigan genlarga ega. Ushbu tarkibiy oqsillar kelajakda vaksinalarning potensial nishoniga aylanadi. Shuning tarkibiy oqsillarning oʻzgarishiga olib keladigan virusli RNK genlarining nukleotidlar ketma-ketligidagi har qanday oʻzgarishlarni vaksina ishlab chiqishdan avval aniqlab olish juda muhimdir.
Bundan tashqari, maʼlum bir turdagi mutatsiyaga uchragan shtamm koʻproq tarqalgan baʼzi mamlakatlarda global vaksinaning samaradorligini bashorat qilish uchun genotiplash maʼlumotlaridan foydalanish mumkin. Shuning uchun ham Ilgʻor texnologiyalar markazi olimlari tomonidan tizimli genlarning tahlil qilinishi oʻta muhim sanaladi.
—Birinchi bosqichda SARS-CoV-2 koronavirusining muhim tarkibiy geni boʻlmish – N genning nukleotid ketma-ketligini aniqladik, — davom etadi A.Abdullayev. — Dastlabki tahlil shuni koʻrsatdiki, nukleotidlar pozitsiyalaridagi genlar ketma-ketligi Uxanda aniqlangan koronavirus shtammining referent genomidan farq qiladi. Maʼlumotlarning qiyosiy tahlili esa SARS-CoV-2 koronavirusining ushbu turdagi mutatsiyaga ega shtammlari Yevropada koʻproq uchrashini koʻrsatdi.
Shifrlangan nukleotidlar ketma-ketligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xalqaro maʼlumotlar bazasi — Milliy biotexnologik axborot markaziga (NCBI) joylashtirilgan. Unda dunyoning turli mamlakatlaridagi turli organizmlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ilmiy jamoatchilik uchun ochiq tarzda saqlanadi. Kelgusida Ilgʻor texnologiyalar markazining olimlari virus yuqtirgan bemorlardan toʻplangan katta miqdordagi biologik materiallarni tahlil qilishni rejalashtirmoqdalar. Mazkur tahlil va uning natijalari Oʻzbekistonda koronavirus shtammlarining tarqalishi darajasi, mazkur shtammlarning kasallikka chalintirish va oʻlim holatiga olib kelish xususiyatlari va patogenligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni toʻplash imkonini beradi.