Oʻzbekistonda eksport salohiyatini oshirish va eksportchilarni barqaror rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan faol tashqi iqtisodiy siyosat natijasida eksport tarkibida tayyor mahsulot ulushining koʻpayishi va yangi xorijiy bozorlarning oʻzlashtirilishiga erishilmoqda.
Davlat tomonidan eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan mexanizmlardan biri – bu Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashkil etilganligi va tadbirkorlarga eksport faoliyatini rivojlantirish uchun bir qancha moliyaviy koʻmaklar berish joriy qilinganligidir.
Misol uchun, 2019-yildan buyon 52 turdagi mahsulotlarni temir yoʻl transporti orqali eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tizimi mavjud.
Jahon bozorlarida raqobat keskinlashib borayotgan bugungi sharoitda anʼanaviy bozorlarda oʻz oʻrnini mustahkamlash va yangi bozorlarga kirib borish orqali eksport hajmlarini oshirish uchun tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yana-da kengaytirish zarurati yuzaga keldi. Ayniqsa, jahonda keng tarqalgan koronavirus pandemiyasi oqibatlari natijasida kutilayotgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish har jihatdan muhim sanaladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi eksportchi korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Mazkur hujjatda eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun bir qator yengillik va imtiyozlar belgilab berilgan.
Qaror eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni oʻzida ifoda etgan.
Xoʻsh, ushbu qaror eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga nima beradi? Birinchidan, mahalliy eksport qiluvchi tadbirkorlarga 68 turdagi mahsulotlarni eksport qilishda, eksport boʻyicha nafaqat temir yoʻlda, balki havo va avto transportida tashish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Ikkinchidan, eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplashga Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari boʻyicha olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan joriy qilingan barcha turdagi majburiy toʻlovlar va ijro xujjatlari boʻyicha qarzdorligini tekshirish amaliyoti 2021-yil 1-yanvargacha bekor qilindi.
Muxtasar aytganda, ushbu qarorning ijrosi mahalliy tadbirkorlar tomonidan eksport qilinayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish orqali anʼanaviy bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash hamda yangi bozorlarga jadal kirib borishiga turtki boʻladi.