Oʻzbekiston va Bangladesh koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Bangladesh koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S. Umurzakov videokonferensiya orqali Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar, sanoat va xususiy sektor boʻyicha maslahatchisi S. Rahmon, mamlakat savdo vaziri T. Munshi va BHR toʻqimachilik vaziri G. Gazi bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va Bangladesh koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirmoqda



Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo Vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, muloqot davomida tomonlar oʻrtasida investitsiya sohasida, asosan toʻqimachilik va farmatsevtika sanoatida hamkorlikning muhim istiqbollari belgilab olingan. Qoʻshma toʻqimachilik klasterlarini yaratish, shuningdek, Bangladeshning yetakchi mutaxassislarini Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha maslahatchilar sifatida jalb etish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ayni paytda, shuningdek farmatsevtika tarmogʻida sanoat kooperatsiyasi uchun katta imkoniyatlar mavjud – bu yoʻnalishda Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va Bangladesh farmatsevtika sanoati uyushmasi oʻrtasidagi hamkorlik mustahkamlanadi.

Ikki mamlakat bozorlariga yetkazib berilayotgan yuqori talabga ega qishloq xoʻjaligi, kimyo va elektrotexnika tarmoqlaridagi tovar nomenklaturasini yana-da kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ularning yetkazib berilishini oshirish choralarini koʻrish oʻzaro savdo aylanmasi hajmini yangi pogʻonaga olib chiqish imkoniyatini beradi.

Tomonlar bir qator ikki tomonlama hujjatlar, shu jumladan, ikki tomonlama soliq solinishini oldini olish toʻgʻrisidagi va oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimlarni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

Madaniy va gumanitar sohasidagi xamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi – Samarqanddagi “Ipak oʻyli” xalqaro turizm universiteti va Dakkadagi “Jahongir Nagar” universiteti oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, turizm sohasida, jumladan “Umra +” ziyorat dasturi doirasida hamkorlik qilish imkoniyatlari hamda Oʻzbekiston va Bangladesh madaniyat va sanʼat festivallarini ikki mamlakatda tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Kun tartibi doirasida pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar masalalari va mamlakatlarning investitsion va savdo salohiyatini amalga oshirishga salbiy taʼsir etuvchi oqibatlarni kamaytirish maqsadida qabul qilinayotgan choralar alohida koʻrib chiqildi.

Muzokaralar yakunida savdo, investitsiya va transport sohalarida belgilangan yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muvofiqlashtirish maqsadida ikki mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar idoralari rahbarlarining oʻrinbosarlari darajasida qoʻshma ishchi guruhni tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

OʻzA