Xorijiy korxonalar qanday imtiyozlardan foydalanadi?

Xorijiy korxonalar qanday imtiyozlardan foydalanadi?

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, xususiylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish, respublikaning ishchi kuchi mavjud boʻlgan hududlarida yangi ish joylarini yaratish dasturlarini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar keng jalb etilmoqda.

Xorijiy korxonalar qanday imtiyozlardan foydalanadi?
Xususan, ichki bozorga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish maqsadida chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar uchun qator soliq imtiyozlari joriy etilmoqda.
Xususan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻyilmalar kiritayotgan xorijiy investorlar uchun maksimal darajada qulay investitsiya muhitini yaratish, respublika mintaqalariga xorijiy sarmoyalar va zamonaviy texnologiyalar jalb etilishi ragʻbatlantirilishini kuchaytirish, xorijiy investorlar hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun kafolatlar va imtiyozlar tizimi yana-da mustahkamlanayapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni bilan xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash asosiy yoʻnalishlardan biri etib belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi har jihatdan qulayligi, asosiysi, soliq toʻlovchilarga keng imkoniyatlarni yaratgani bilan amaliyotda yuksak eʼtirof etilmoqda.
Xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari deganda chet davlatning fuqarolari boʻlgan jismoniy shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek chet ellik nodavlat yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatini taqdim etmasdan amalga oshiriladigan investitsiyalar tushuniladi.
Buni toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga Soliq kodeksi bilan berilgan imtiyozlardan koʻrish mumkin.
Jumladan, yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan belgilanadigan muddatga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari hajmiga qarab, yer, mol-mulk soligʻi hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari berilgan.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar hajmiga qarab soliq imtiyozlari tatbiq etilishi belgilangan. Masalan, 300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha investitsiya jalb qilgan xorijiy tadbirkorga 3 yil muddatga, agarda 3 million AQSH dollaridan ortiq 10 million AQSH dollarigacha 5 yil muddatga hamda 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda 7 yil muddatga soliq imtiyozlari joriy etiladi.
– Soliq kodeksida toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslar tomonidan bir qator shartlar bajarilgan taqdirda soliq imtiyozlari qoʻllanilishi belgilangan, – deydi Navoiy viloyati Davlat soliq boshqarmasi shoʻba boshligʻi Olim Nayimov. – Xususan, yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan hududlarga joylashtirilganda, chet ellik investorlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari Oʻzbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda, yuridik shaxslarning ustav fondida yoki ustav kapitalida chet ellik ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foiz boʻlganda, chet el investitsiyalari erkin ayirboshlanadigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik asbob-uskuna tarzida kiritilganda hamda soliq imtiyozlari berilganligi natijasida ularning qoʻllanilishi muddati mobaynida olingan daromadlarning kamida 50 foizi ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirish maqsadida reinvestitsiyaga yoʻnaltirilganda bunday imtiyozlar qoʻllaniladi.
Muxtasar aytganda, bunday imkoniyatlar mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA