OTB iqtisodiy tanglik holatida ham Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaydi

OTB iqtisodiy tanglik holatida ham Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaydi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava va Bosh vazir oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, OTBning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan boshqaruvchisi Sardor Umurzoqov ushbu yirik xalqaro moliyaviy tuzilma COVID-19 koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi kurashda mamlakatimizga qay tarzda koʻmaklashishi mumkinligi masalalarini muhokama qilishdi.

Janob Asakava pandemiyaga qarshi kurash boʻyicha oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar uchun hukumatimizga minnatdorlik bildirdi. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 19-mart kuni eʼlon qilingan choralar Oʻzbekiston xalqi farovonligini taʼminlashga nisbatan faol yondashuvni namoyon etdi. Bu qarorlar islohotlar surʼatini saqlab qolish, rivojlanishi sustlashgan iqtisodiy jarayonni qayta tiklash uchun zarur boʻladigan vaqtni qisqartirishga yordam beradi.
OTB rahbari, shuningdek, iqtisodiyotning salbiy taʼsirga uchragan tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan korxonalar va biznes vakillariga koʻmaklashish boʻyicha koʻrilgan choralarni ham maʼqulladi.
– Osiyo taraqqiyot banki mana shunday favqulodda murakkab vaziyatda Oʻzbekistonni toʻliq qoʻllab-quvvatlash tarafdori, moliyaviy manbalarni koronavirus infeksiyasi yana-da keng tarqalishining oldini olish, shuningdek ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash va bandlikni taʼminlash, ijtimoiy yordam hajmini kengaytirish va iqtisodiyotning barqaror harakatlanishini taʼminlashga yoʻnaltirishga tayyor, – dedi janob Asakava. – OTB shoshilinch tibbiy ehtiyojlar uchun 200 ming dollar miqdoridagi grant yordami ajratilishini maʼqulladi. Tuzilma hukumat bilan hozirjavob turkum koʻmagini taqdim etish ustida ish olib boryapti. Bu pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatishga xizmat qiladi. OTB shuningdek, mamlakatimizda shoshilinch ehtiyojlarni qondirishga yordam berish va sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun siyosat va joriy zaymlar shaklidagi jamgʻarmalarni taqsimlash boʻyicha tavsiyalar beradi.
Sardor Umurzoqov, oʻz navbatida doimiy koʻmak va ayniqsa, pandemiya tufayli yuzaga chiqqan hozirgidek tang vaziyatdagi hamkorlik uchun OTB rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. U Oʻzbekiston hukumati tomonidan oʻz aholisi salomatligi va farovonligini taʼminlash va mamlakat oldida turgan makroiqtisodiy muammolarni hal etish uchun barcha choralar koʻrilishini taʼkidladi.
Hukumat iqtisodiy oʻsish sekinlashishini eʼtirof etadi. Bunda byudjet tushumlari va eksport orqali keladigan daromadlar kamayishi byudjet va joriy hisob raqamlarida kamomad hosil boʻlishiga olib keladi. Shu bois, hukumatning vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida qabul qilayotgan chora-tadbirlari aholi turmush darajasida aks etadigan salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar koʻlamini kamaytirishga yordam beradi.
Joriy yilning 18-martida OTB tuzilmaga aʼzo rivojlanayotgan davlatlar (bu roʻyxatda Oʻzbekiston ham bor)ga COVID-19 pandemiyasiga javoban, shoshilinch ehtiyojlarni qondirish uchun 6,5 milliard dollar qiymatga ega dastlabki yordam paketi ajratilishini eʼlon qildi. Bank bundan buyon ham zarur hollarda qoʻshimcha moliyaviy koʻmak va siyosat masalalari boʻyicha tavsiyalar berishga tayyor.
Osiyo taraqqiyot banki Osiyo-Tinch okeani mintaqasini farovon, inklyuziv va barqaror hududga aylantirish yoʻlida tayyor ekanini, bu jarayonda qashshoqlikni bartaraf etish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirishini yana bir bor taʼkidlaydi.
1966-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda oʻz tarkibida 68 davlatni birlashtirgan OTBga aʼzo mamlakatlarning 49 tasi mintaqamizda joylashgan.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.
Gʻayrat Xonnazarov, OʻzA