BMT va YEXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari O‘zbekistonda kam sonli millatlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi

BMT va YEXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonalari rahbarlari O‘zbekistonda kam sonli millatlar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi

BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatining Paxtakor tumani Oltinko‘l qishlog‘ida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi manbasiga asoslanib.

Mazkur qishloq bir necha oy davomida tashlandiq sahro hududida qad rostladi. Noyob shaharsozlik loyihasining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan eʼtiborida bo‘ldi. Bir yil mobaynida bu yerda 460 ta yangi kottej, maishiy xizmat ko‘rsatish uyi va 500 o‘rinli to‘qimachilik fabrikasi qurildi.

Bugungi kunda qishloqda 939 ta oila istiqomat qiladi. Shundan 301 oiladagi 1 ming 225 nafar aholi lo‘li millatiga mansub bo‘lib, ular o‘zbek, tojik, qozoq, qirg‘iz, tatar va boshqa millat vakillari bilan qo‘ni qo‘shnichilikda yashamoqda. Ushbu yangi qishloqning qurilishi O‘zbekistonning mamlakatda barcha millat va elatlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga sodiqligi, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilashga qaratilgan islohotlarining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Tashrif doirasida xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillariga qishloqni qurish jarayoni haqida videofilm namoyish etildi. Filmga Oltinko‘l qishlog‘i aholisining bundan oldingi yashash sharoiti haqida maʼlumot beruvchi lavhalar kiritilgan. Ikki yil oldin ushbu hududda faqat eski, qulab tushgan kulbalar bor edi, hayot kechirishning past darajasi kuzatilib, zarur infratuzilma mavjud emas edi.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer o‘z taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, BMT har doim aholining zaif qatlamlari haqida qayg‘urishini taʼkidladi.

– Kam taʼminlangan insonlar – faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishidir. Bunday insonlar hayotini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston hukumati “Obod qishloq” dasturi doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirayotganidan xursandmiz. Ayniqsa, lo‘li millatiga mansub aholi hayotidagi o‘zgarishlarni, ularning boshqa millat vakillari bilan tenglikda yashayotgani kishini quvontiradi. Quvonarlisi, mamlakatning boshqa hududlarida ham kichik millat vakillari uchun ana shunday munosib hayot tarzi, zarur sharoitlar yaratilmoqda, – deya qayd etdi H.Freyzer.

Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, bundan ikki yil muqaddam Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi tojiklar istiqomat qiladigan “Tong yulduzi” qishlog‘i ham to‘liq qayta qurilgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ana shunday loyihalar O‘zbekistonning boshqa chekka hududlarida ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Shu kunlarda yana bir mahalla – Paxtakor tumanidagi Olmazor mahallasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogironlar, kambag‘al va boquvchisini yo‘qotganlar uchun 400 ta ana shunday uylar qurilmoqda.

Oltinko‘ldagi to‘qimachilik fabrikasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda qishloq xotin-qizlari mehnat qilmoqda. Ular bu yerda ishlash orqali uy-joy uchun imtiyozli kreditni qoplash imkoniga ega bo‘lishmoqda. Mehmonlar, shuningdek, fabrikada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar namunalari bilan tanishdi, mehnat sharoiti va mahsulot sifatini yuqori baholadi.

YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor Oltinko‘lda guvohi bo‘lganlari mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli namunali o‘zgarishlardan biri ekanini taʼkidladi.

– Respublikada kam sonli millat va elatlar manfaatlarini himoya qilishga katta eʼtibor qaratilayotgani quvonarli. Bu odamlar eʼtiborni his qilishlari muhim. Shu tariqa ularning o‘ziga, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchi ortib boradi, farzandlari va nabiralarining porloq kelajagiga umid uyg‘onadi. Eʼtiborga molik jihat, mahalliy aholi nafaqat uy-joy bilan, balki ish bilan ham taʼminlanmoqda. Biz ko‘rgan fabrikada 500 ga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Bu yerda ko‘rganlarim maqtovga sazovor, – dedi u.

Taʼkidlash joiz, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 2019-yil dekabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining 100-sessiyasida ishtirok etgan va mamlakatimizda Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya qoidalarining bajarilishi to‘g‘risida hisobоt taqdim qilgan edi. Unda so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risida maʼlumotlar keltirilgan. O‘sha kezlarda Oltinko‘l qishlog‘ida qurilish ishlari qizg‘in davom etayotgan edi. Bugungi kunda esa lo‘lilar boshqa millat vakillari bilan bir qatorda shinam uylarga ega bo‘ldi.

Oltinko‘lda bo‘lgan mehmonlar mamlakatimiz rahbarining davlat siyosati ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, jamiyatda hukm surayotgan bag‘rikenglik va totuvlikni to‘liq aks ettiruvchi bunday saʼy-harakatlarni davom ettirish ahamiyati va zarurligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.