Bojxona tizimiga doir eng dolzarb savollarga javoblar

Bojxona tizimiga doir eng dolzarb savollarga javoblar

Karantin bilan bogʻliq vaziyatda aholi, ayniqsa tadbirkorlarni bojxona tizimiga doir turli savollar qiziqtirmoqda. Buni qoʻmitaning “1108” qisqa raqamli ishonch telefoniga, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali kelib tushayotgan savollar, murojaatlardan ham kuzatish mumkin. Shularni inobatga olgan holda eng koʻp berilayotgan va dolzarb savollarga qoʻmita mutaxassislari javoblarini eʼtiboringizga havola etishni joiz bildik.

Bojxona tizimiga doir eng dolzarb savollarga javoblar
SAVOL: Koronavirus pandemiyasi sababli dunyo mamlakatlari tomonidan turli tovarlar eksportiga ayrim cheklovlar qoʻyilmoqda. Oʻzbekistonda hozirgi davrda qaysi mahsulotlarni chetga eksport qilishga cheklovlar oʻrnatilgan?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida tibbiy buyumlar uchun xom ashyo eksporti va sement mahsulotlari importiga cheklovlar joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan joriy yilning 1-may kunidan 31-dekabr kuniga qadar tibbiy niqoblar uchun xom ashyo tovarlari eksporti uchun vaqtincha cheklov oʻrnatilgan.
Himoya niqoblarining ichki bozordan ortiq hajmini Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Dori-darmon” kompaniyasining oʻzaro qoʻshma xulosa asosida eksportga chiqarish mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida joriy qilingan cheklovlar istisno tariqasida xalqaro yuk tashuvchi transport vositalariga tatbiq etilmasligi belgilangan hamda respublikamizdan chet davlatlarga yuqorida koʻrsatilgan tovarlardan boshqa eksport tovarlarini olib chiqishga cheklovlar joriy etilmagan.
SAVOL: Bugungi kunda Oʻzbekistonga chetdan olib kelinadigan texnologik asbob-uskunalarga nisbatan bojxona toʻlovlarida qanday imtiyozlar mavjud?
JAVOB: Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 246-moddasi 6-bandi va Bojxona kodeksining 297-moddasi 13-bandlariga muvofiq texnologik asbob-uskunalarga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojidan imtiyozlar nazarda tutilgan. Maʼlumot uchun aytish joizki, amaldagi qonunchilikda texnologik asbob-uskunalarga nisbatan aksiz soligʻi belgilanmagan.
SAVOL: Xitoyda ishlar qayta tiklangani sababli internet orqali biron tovar buyurtma qilsak, yetib keladimi? Bojxonadan oʻtkazishadimi?
JAVOB: Jahon miqyosida tarqalish geografiyasi tobora kengayib borayotgan koronavirus infeksiyasi respublikamizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida joriy yilning 1-fevral kunidan boshlab Xitoydan kirib keluvchi barcha turdagi pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Biroq 2020-yil 27-fevral kunidan boshlab Xitoydan faqatgina “Oʻzbekiston pochtasi” AJ orqali kirib kelayotgan joʻnatmalarni qabul qilishga ruxsat etilgan.
SAVOL: Mamlakatimizga tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xomashyolarni olib kirishda bojxona toʻlovlarida imtiyozlar qoʻllaniladimi?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi qarori 16-bandiga muvofiq 2022-yil 1-yanvarga qadar ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xomashyolar mazkur qarorning 7-ilovasidagi roʻyxatga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilgan.
SAVOL: Xorijdan yuk tashish uchun moʻljallangan avtomobil olib kelishda imtiyozlar mavjudmi?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi qarori 9-bandiga muvofiq 2022-yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan, yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalari (samosvallardan tashqari) bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilingan.
Shuningdek, mazkur qarorda yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalarining Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodlari aniq koʻrsatib oʻtilgan.
SAVOL: Xorijdan urugʻlar, koʻchatlar va mineral oʻgʻitlar olib kelmoqchiman. Bu masalada tadbirkorlarga qulayliklar bormi?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi
Farmoni 6-bandiga muvofiq 2021-yil 1-yanvarga qadar chetdan olib kirilayotgan urugʻlar, koʻchatlar va payvandtaglar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim bundan mustasno) ozod etilgan.
SAVOL: Karantin davrida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni tegishli idoralardan olishda qanday qulayliklar mavjud?
JAVOB: Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekekspertiza” AJ, “Oʻzdavkarantin” tomonidan elektron ravishda rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi.
Tadbirkorlar internetdagi yagonadarcha.uz manzilda joylashgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni olish uchun mazkur tashkilotlarga ariza yuborsa, kifoya.
Arizaga javoban berilgan hujjatlar va sertifikatlar mazkur portal orqali bir vaqtning oʻzida ham tadbirkorga, ham bojxona organlariga bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etiladi.
Hozirga kelib “Yagona darcha” tizimidan 14 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari foydalanmoqda. Tizim orqali qisqa muddat davomida 146 mingdan ortiq ruxsatnoma va sertifikat elektron ravishda taqdim qilindi.
OʻzA