Germaniyazda O’zbek tili va madaniyati o’quv kurslari ochildi

Germaniyazda O’zbek tili va madaniyati o’quv kurslari ochildi

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-yilligi munosabati bilan mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda ”Dunyo” AA muxbiri.

Unda Germaniyaning Hessen, Raynland-Pfalts va Bavariya federal erlarida turli sohalarda faoliyat ko’rsatayotgan, ilmiy faoliyat yuritayotgan, oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan o’zbekistonlik yoshlar, keng jamoatchilik vakillari va “Humo” Germaniya-O’zbekiston madaniyat jamiyati a’zolari ishtirok etdi.

Bosh konsul Erkin Hamroyev yig’ilganlarni Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana bilan tabriklab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil yangilanish jarayoni, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida gapirib berdi. U yangilanayotgan O’zbekistonda parlament quyi palatasi, viloyat, tuman va shahar mahalliy kengashlariga saylov kampaniyasi davom etayotgani to’g’risida so’z yuritdi. Yaqinlashayotgan parlament saylovi barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning uzviy qismi ekanligini ta’kidladi.

Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz, ularning farzandlari, shuningdek, o’zbek tili, madaniyati va urf-odatlariga qiziqishi bo’lgan xorijliklar uchun joriy yil 8 dekabrdan boshlab Frankfurt-Mayn shahrida Bosh konsulxona va “Humo” Germaniya-O’zbekiston madaniyat jamiyati tashabbusi bilan “O’zbek tili va madaniyati” kurslari tashkil etildi.

Diplomatik vakolatxona rahbari bayram tadbiri doirasida mazkur o’quv kurslari o’z faoliyatini boshlaganini rasman e’lon qildi. Til va madaniyat kurslari Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz va ularning farzandlari qalbida o’z milliyligi va o’zbekona ruhni saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Mazkur o’quv maskaniga turli o’quv qo’llanmalari va badiiy kitoblar, sayyohlik sohasiga oid adabiyot taqdim etildi.

Madaniyat jamiyati raisi Otabek Holiqboyev O’zbekiston rahbariyati ko’rsatayotgan yordam tahsinga sazovorligini bildirdi va ushbu kurslar muntazam o’tkazilishi, ularda nafaqat vatandoshlarimiz farzandlari, balki ona tilimiz va madaniyatimizga befarq bo’lmagan barcha fuqarolar qatnashishi mumkinligini aytdi.

Vatandoshlarimiz tomonidan tayyorlangan teatr sahnalari va musiqali chiqishlar, turli milliy an’anaviy o’yinlar tadbirga o’zgacha shukuh bag’ishladi.