O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING GERMANIYADAGI ELCHIXONASI VA FRANKFURT-MAYN SHAHRIDAGI BOSH KONSULXONASIDA SAYLOV UCHASTKALARI TASHKIL ETILDI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING GERMANIYADAGI ELCHIXONASI VA FRANKFURT-MAYN SHAHRIDAGI BOSH KONSULXONASIDA SAYLOV UCHASTKALARI TASHKIL ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarga mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Joriy yildagi saylovda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun yanada qulay ovoz berish imkoniyatlari yaratilmoqda. Xususan, avvallari ushbu tadbirda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanar edi. Endi esa chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham diplomatik vakolatxonalarimizda tashkil etilgan saylov uchastkalariga murojaat etishi yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sahifasidan ro‘yxatdan o‘tib, tegishli saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi va Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasida 140-sonli Darxon saylov okrugining 8 va 47-saylov uchastkalari tashkil qilindi. Ularda saylov jarayonini yuqori saviyada amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizning 4 mingga yaqin fuqarosi elchixonamiz konsullik ro‘yxatida qayd etilgan. Ularning aksariyati Germaniya hududida istiqomat qiladi. Shu bilan birga, konsullik okrugiga qarashli Shvetsiya, Chexiya va Shveysariyada tahsil olayotgan yoki vaqtincha mehnat qilayotgan vatandoshlar parlament saylovida qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi targ‘ibоti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xorijdagi fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularni saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim saviyasini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibоt va tashviqot ishlari amalga oshirish dolzarb masala sifatida belgilangan.