Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi toʻgʻrisida

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi toʻgʻrisida

Toshkent shahrida 15-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining boʻlajak maslahat uchrashuviga tayyorgarlik doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Komilov, Muxtar Tleuberdi, Chingiz Aydarbekov, Sirojiddin Muxriddin va Rashid Meredov mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari va oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, hozirgi kunda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi sabab Markaziy Osiyoda doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro ishonchga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllandi.
Vazirlar savdo aylanmasining yuqori surʼatlarda oʻsganini, transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha ishlar faollashganini, mintaqa mamlakatlarini bogʻlaydigan yangi yerusti va havo yoʻnalishlari ochilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Toshkent shahrida 29-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi kun tartibi koʻrib chiqildi. Kun tartibiga savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, transport infratuzilmasi, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlar sammitning yakuniy hujjati loyihasi va boshqa rejalashtirilayotgan qarorlarni ham muhokama qildilar.
Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA