Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari tuzish tartibi va vakolatlari

Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari tuzish tartibi va vakolatlari

Har bir o‘tayotgan kun bizni joriy yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarga yaqinlashtirmoqda.

Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari  tuzish tartibi va vakolatlari

Saylovlarni ochiq-oshkora, milliy saylov qonunchiligimiz talablariga muvofiq, demokratik saylovlar o‘tkazish bo‘yicha to‘plangan boy milliy tajribamizga asoslangan holda hamda umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari va standartlari talablariga hamohang tarzda tashkil etish, eng asosiysi saylovlar jarayonida har bir fuqaroga, saylovchiga o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratib berish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, bu jarayonda milliy saylov tizimining ajralmas bo‘g‘ini sanalmish saylov komissiyalarining alohida o‘rni va roli borligini inobatga olib, bugungi maqolamizda saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari faoliyatiga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 9-moddasiga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzilishi, har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanishi belgilangan.

Mazkur saylov okruglarining chegaralari esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanishi, o‘z navbatida saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi, ya’ni bir biridan farqi o‘n foizdan oshmasligi kerakligi qoida tariqasida belgilangan.

Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinishi lozim.

Yuqoridagilarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 7 oktabrdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzish haqida qaror qabul qildi. Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining “Veb sayti”da, “Xalq so‘zi” va “Norodnoe slovo” gazetalarida hamda mahalliy matbuotda e’lon qilindi.

Xuddi shuningdek, Saylov kodeksining ushbu moddasiga muvofiq, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun — oltmishtadan ko‘p bo‘lmagan, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun — o‘ttiztadan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi tuzilishi lozim. Ushbu normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak.

Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi hamda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 21-moddasiga binoan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va olti — sakkiz nafar komissiya a’zosidan, jami to‘qqiz nafardan o‘n bir nafarga qadar tarkibda tuzilishi belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan tanlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, undan so‘ng Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etilishi lozim.

O‘z navbatida, qonunga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan viloyat saylov komissiyasi tomonidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yuqoridagilarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 11 oktabrdagi yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzdi va ularning to‘qqiz nafardan o‘n bir nafargacha bo‘lgan a’zolarini, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tasdiqlash haqida qaror qabul qildi. Mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining “Veb sayti”da hamda mahalliy matbuotda e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 22-moddasiga binoan, okrug saylov komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Saylov okrugi hududida saylov kampaniyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazorat qilish;

Saylovga kamida oltmish kun qolguniga qadar, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda saylov uchastkalarini tuzish va okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilash, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini matbuotda e’lon qilish orqali saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor etish;

Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining tavsiyasiga asosan uchastka saylov komissiyalarini tuzish, ularning tarkibini tasdiqlash va bu haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarda uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

Deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni ta’minlash, ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashish, ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish va tegishli guvohnomalar berish;

Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitish;

Saylovchilar ro‘yxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib borish;

Saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishlicha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga taqdim etish;

Takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovi o‘tkazilishini tashkil etish hamda saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish va tarkibini tasdiqlash masalalari, ularning vakolatlari ham batafsil keltirib o‘tilgan. Milliy saylov tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari bilan ular faoliyatini chalkashtirib yubormaslik uchun, bugungi maqolamizda faqat Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari haqida to‘xtalib o‘tdik.

Kelgusi maqolalarimizda, O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lgan viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari, ularni tuzish, tarkibini shakllantirish va tasdiqlash tartibi, faoliyat yo‘nalishlari va vakolatlari xususida batafsil to‘xtalamiz.

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyat rahbari,

Yuridik fanlar doktori, professor