Oʻzbekiston – Germaniya: Tibbiyot sohasida hamkorliklarning yangi davri boshlanmoqda

Oʻzbekiston – Germaniya: Tibbiyot sohasida hamkorliklarning yangi davri boshlanmoqda

Poytaxtimizda “CARO – 2019” II Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi bo’lib o’tdi.

Oʻzbekiston – Germaniya: Tibbiyot sohasida hamkorliklarning yangi davri boshlanmoqda

“Markaziy Osiyoda jahon radioonkologiya sohasidagi yutuqlarni oʻzlashtirish tajribasi va istiqbollari” mavzuiga bagʻishlangan ushbu nufuzli tadbirda Oʻzbekiston, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Amerika, Shveysariya, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlardan onkolog va fizik-radiologlar ishtirok etishdi.
Kongress ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev, Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld va boshqalar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorliklarning mustahkamlanib borayotgani tibbiyot yoʻnalishida xalqaro tajriba va yutuqlarni oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etishda keng yoʻl ochganini, bunga esa Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining Toshkentda oʻtkazilishi anʼanaga aylanayotgani yorqin misol ekanini taʼkidladi.
– “CARO – 2019” Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi tashkil etilishi yurtimizdagi islohotlar ijrosi bilan chambarchas bogʻliq, – dedi “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” shoʻba kompaniyasi bosh direktori Aleksey Arapov. – Unda ishtirokchilar zamonaviy nur terapiyasining istiqbollarini muhokama qiladi, xorij tajribasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu jarayondagi muammolar tahlil etiladi. Dasturda yuzdan ortiq maʼruzalar jamlangan. Turkiya, Amerika, Shveysariya, Belarus davlatlari ishtirokchilari bu yil safimizga qoʻshilgani kongressning imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat bermoqda.
– Ushbu kongressda qatnashish men uchun sharaf, – dedi Germaniyadagi Shtutgart klinikasi professori Mark Myunter. – Albatta, bunga Oʻzbekiston va Germaniya davlatlari rahbarlarning tashrifi va unda erishilgan kelishuvlar asosiy sababdir. Tibbiyotdagi oʻzaro hamkorliklarni, xususan, “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining tashabbusi bilan yurtingizda amalga oshirilayotgan loyihani biz qoʻllab-quvvatlaymiz. Yana bir muhim gap. Oʻzbekistonni Germaniya xalqi yaqindan tanimoqda. Ularning yurtingizda sayohat qilishga ishtiyoqi baland. Shu maʼnoda oʻtkazilayotgan kongress biz va xorijliklar uchun yana bir imkoniyatdir. Ertaga men kongressda insonlarda uchraydigan oʻpka oʻsmalari va ularni davolashning zamonaviy usullari haqida oʻz tajribamni ishtirokchilar bilan boʻlishaman.
Eslatib oʻtamiz, ushbu kongress Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, “Uventa Plus” kompaniyasi, Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasi, uning Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” shoʻba kompaniyasi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA