Yosh fermerlar Germaniya tajribasi asosida oʻqitildi

Yosh fermerlar Germaniya tajribasi asosida oʻqitildi

Poytaxtimizda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik boʻyicha jamgʻarma kassalari fondi tomonidan Oʻzbekiston yosh fermerlari kengashi, “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATBlarining xodimlarini trenerlikka tayyorlash boʻyicha oʻtkazilgan seminarning yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.

Yosh fermerlar Germaniya tajribasi asosida oʻqitildi
Joriy yilning 7-may kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida Germaniyaning Xalqaro hamkorlik boʻyicha jamgʻarma kassalari fondi, Yoshlar ittifoqi va bir qator banklar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Kelishuvga koʻra, germaniyalik mutaxassislar tomonidan ushbu mutasaddi tashkilotlar xodimlari trener sifatida oʻqitilishi belgilangan. Joriy yilning 9-17-iyul kunlarida 25 nafar ishtirokchi ilgʻor mutaxassislar – Natasha Mundinger va Birgit Flamma tomonidan oʻqitildi.
Oʻqish jarayonida ishtirokchilarga turli xil biznes oʻyinlar orqali ularning moliyaviy savodxonligini oshirish, jamgʻarish (Omonat) hamda kreditning afzallik va kamchiliklari, bank va isteʼmolchi oʻrtasidagi aloqalarda Germaniya tajribasi, byudjetni rejalashtirish, tadbirkorlik yoki fermerlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan yoshlar, yosh fermer, dehqon va tomorqa yer egalari hayotida bankning oʻrni hamda kreditdan toʻgʻri va maqsadli foydalanish tartiblari amaliy misollar yordamida oʻrgatildi.
Seminar yakunida xalqaro ekspertlar, loyiha koordinatorlari, bir guruh Oʻzbekiston yosh fermerlari kengashi aʼzolari, bank xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Mashgʻulotlar davomida faol qatnashgan va yaxshi oʻzlashtirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, kelishuvning ikkinchi bosqichiga asosan, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan Toshkent viloyatining Yoshlar markazida Jamgʻarma kassalari fondi tomonidan “Yosh fermerlar innovatsion markazi” ham oʻz faoliyatini boshladi. Bu kabi markazlar yaqin kunlarda Jizzax, Samarqand viloyatlarida keyinchalik esa mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA