Praga shahrida o’zbek vatandoshlari o’rtasida futbol turniri o’tkazildi

Praga shahrida o’zbek vatandoshlari o’rtasida futbol turniri o’tkazildi

Xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan aloqalarni mustahkamlash, ularni yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishtirish mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlarning uzviy qismidir. Bunda turli madaniy tadbirlar, sport musobaqalari va uchrashuvlar tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Yevropa davlatlarida yashayotgan, mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbeklar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan futbol turniri ana shunday tadbirlardan biridir.

“Davra kubogi” turniri “Davra” Germaniya-O‘zbekiston madaniyat jamiyati tashabbusi hamda O‘zbekistonning Berlin shahridagi elchixonasi va Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etib kelinmoqda.

Praga shahrida o‘tkazilgan bu yilgi musobaqada Yevropaning turli mamlakatlaridan kelgan yurtdoshlarimizning 14 jamoasi g‘oliblik uchun kurashdi.

Turnir davomida jamoalar a’zolari nafaqat futbol maydonida to‘p surdi, balki samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi, oilalar va farzandlar o‘rtasida do‘stlik rishtalari o‘rnatildi. Shuningdek, turli milliy o‘yinlar tashkil etilib, yosh o‘g‘il-qizlar milliy qadriyat va an’analarimiz bilan yaqindan tanishtirildi.

Mamlakatimiz diplomatik missiyalari mas’ul xodimlari tomonidan konsullik-huquqiy masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi.

Musobaqa finalida Myunxen va Dortmund shaharlari javoalari maydonga tushib, Bavariyadan kelgan havaskor futbolchilarning qo‘li baland keldi.

– Turnir bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – deydi “Davra” madaniyat jamiyati raisi, “Turkiston trevl” sayyohlik kompaniyasi rahbari Anvar Shermatov. – 2013 yildan buyon o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, samimiy va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdir. Yurtdoshlarimiz ko‘zlaridagi baxtiyorlik va yuzlaridagi tabassumni ko‘rib, aytishimiz mumkinki, bugungi tadbir o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi.

“Dunyo” AA,

Frankfurt-Mayn