Velosportchilarimiz Osiyo chempionatiga tayyor

Velosportchilarimiz Osiyo chempionatiga tayyor

Joriy yilning 22-28 aprel kunlari velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionati, mazkur chempionat doirasida Osiyo velosport konfederatsiyasining (ASS) navbatdagi Kongressi oʻtkaziladi.

Mamlakatimizda ilk marotaba oʻtkazilayotgan mazkur chempionat boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Xoʻsh, ushbu nufuzli tadbirga qay darajada tayyormiz? OʻzA muxbiri Oʻzbekiston velosport federatsiyasi musobaqalarni tashkil qilish va oʻtkazish boʻlimi boshligʻi Asqar Togaybekov bilan shu haqida suhbatlashdi.
Velosportchilarimiz Osiyo chempionatiga tayyor
– Mazkur chempionatga qanday tayyorgarlik koʻrildi va sportchilarimizning holati qanday?
– Osiyo chempionatida qitʼamizning 40 ga yaqin davlatidan 500 nafarga yaqin velosportchi gʻoliblik va 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma olish uchun raqobatlashadi.
2018 yilning 18 fevralida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) Kongressida Oʻzbekiston velosport federatsiyasi mazkur Osiyo chempionatini yurtimizda oʻtkazish huquqini qoʻlga kiritgan edi.
Osiyo chempionati Toshkent shahrining markaziy koʻchalari hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining Toshkent – Chimyon – Sijjak yoʻli yoʻnalishi boʻylab oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda federatsiya tomonidan chempionatga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududini musobaqaga mos ravishda tayyorlash, xorijlik mehmonlar va ishtirokchilarni yuqori saviyada kutib olishga tayyorgarlik koʻrildi.
Shuningdek, Osiyo chempionatiga tashrif buyuruvchi barcha xorijlik delegatsiya aʼzolari, ishtirokchilarni kutib olish uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida shtab tuzilgan. Chempionat mobaynida delegatsiya aʼzolariga hamrohlik qilish uchun oliy taʼlim muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan talabalari tarjimon-volontyor sifatida jalb etiladi.
Mazkur chempionatni Toshkent viloyatida oʻtkazilishidan koʻzlangan asosiy maqsad Prezidentimizning 2017 yil 5 dekabrdagi “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida viloyatning turistik salohiyatini yanada rivojlantirish hamda undan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishni taʼminlashdir.
Bugungi kunda federatsiya Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Toshkent shahar, Toshkent viloyati hokimliklari hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda chempionatga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Sportchilarimiz mazkur musobaqada munosib ishtirok etishlari uchun tayyorgarlikni oʻtgan yildan boshlagan edik. Ular xalqaro musobaqalarda, xorijiy davlatlardagi jahon standartlariga javob beruvchi velosiped sport turiga ixtisoslashtirilgan sport komplekslarida oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarida ishtirok etib, mahoratlarini tinimsiz oshirib bordi.
Umid qilamizki, velosportchilarimiz ushbu chempionatda 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyalarni qoʻlga kiritadi.
– Chempionatda gʻoliblar qaysi yoʻnalishlar boʻyicha aniqlanadi, Olimpiya oʻyinlariga beriladigan yoʻllanmalar nechta?
– Chempionat kattalar, oʻsmirlar, paralimpiyachilar va masterlar ishtirokida boʻlib oʻtadi. Unda sportchilar jamoaviy, yakkalik va guruh poygalarida gʻoliblik uchun bahslashadi. Asosiy musobaqalar 27 aprel kuni ayollar oʻrtasida boʻlib oʻtadi. Unda poygachilar 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarining yagona yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun bellashadi. Musobaqa “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi yonidan start oladi va finish Sijjak qishlogʻida boʻladi.
28 aprel kuni erkaklar oʻrtasida oʻtadigan bellashuvlarda ikkita kelasi yilgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyalar oʻynaladi. Ular ham “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi yonidan start oladi va Bildirsoydagi finish tomon olgʻa boradilar.
– Osiyo velosport konfederatsiyasining navbatdagi Kongressida asosan qanday masalalar koʻriladi?
– Joriy yilning 26 aprel kuni boʻlib oʻtadigan Osiyo velosport konfederatsiyasining (ASS) navbatdagi Kongressida 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni, shu yili sentyabrda boʻladigan Xalqaro kongressda koʻriladigan masalalar, 2020-2021 yillarda Osiyo chempionatini oʻtkazish boʻyicha mezbonlik qiluvchi davlatlarni aniqlash, shuningdek, 2018 yilda Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va kamchiliklar sarhisob qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 23 aprel kuni Osiyo chempionati ochilish marosimi, 25 aprel kuni Xalqaro hamkorlik markazida Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan antidoping seminari boʻlib oʻtadi. Ushbu seminarda 40 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etadi.
– Chempionatni xalqaro standartlarga mos ravishda yuqori saviyada oʻtkazish, uni yoritish masalalari boʻyicha qanday xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda?
– Osiyo chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun Germaniyaning “Inflame Sports GbR” firmasi bilan hamkorlik qilinmoqda. Mazkur firma tomonidan Osiyo chempionati xalqaro standartlarga mos ravishda tashkillashtirilmoqda. Shuningdek, mazkur chempionatni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun xorijiy jurnalistlarning yurtimizga tashrif buyurishi hamda chempionat dunyoning mashhur Yevrosport (Eurosport) kanali orqali namoyish etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga chempionatni yoritish boʻyicha Turkiyaning “Saran Uluslararasi yayincilik ve reklamcilik A.S.” bilan ham hamkorlik qilinmoqda. Shuningdek, Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) bilan “UzReport TV” telekanali oʻrtasida Osiyo chempionatini yoritish huquqini beruvchi ikki tomonlama kelishuv imzolangan boʻlib, bevosita “UzReport TV” Osiyo chempionatini yoritish huquqini qoʻlga kiritgan.
– Mamlakatimiz ushbu musobaqani oʻtkazishga tayyormi?
– Yurtimizda sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha Osiyo kuboklari va chempionatlari, bir qancha xalqaro musobaqalar oʻtkazilgan va oʻtkazib kelinmoqda. Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba velosiped sporti boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtayotgani bizning eng katta yutugʻimizdir.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA