Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi

Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi

Joriy yil 5-7 oktyabr kunlari Toshkent viloyatining “Layner” togʻ-kurort majmuasida “Nur terapiyasining zamonaviy yutuqlari va uning Markaziy Osiyodagi istiqbollari” mavzuida Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi “Uventa Plus“ kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “OPASCA German Oncology Solutions“ kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur kongressga Oʻzbekiston, Germaniya, Rossiya, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistondan onkolog va fizik-radiologlar taklif etildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlarida saraton kasalliklarining oldini olish va uni davolash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlanganlik darajasi va bugungi kunda nur terapiyasining zamonaviy istiqbollari sarhisob qilindi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari saraton kasalligini davolashda nur terapiyasidan unumli foydalanish va bunda eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlanganlik, tibbiy xizmat koʻrsatish va muolaja natijalari boʻyicha jahon standartlaridan ortda qolmoqda. 70 milliondan oshiq aholiga ega mintaqada 15 ta zamonaviy chiziqli tezlatgich tibbiy uskuna mavjud. Bugungi kunda bu uskunalarning bittasi oʻrtacha 5 million fuqaroga toʻgʻri kelayapti. Vaholanki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining meʼyori boʻyicha bitta chiziqli tezlatgich uskunasi 250 ming kishi uchun moʻljallangan. Hozirgi kunda Qozogʻistonda bu uskunalar 13 ta, Oʻzbekistonda 2 tani tashkil etadi. Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bunday nur terapiyasi uskunasiga ega emas. Mintaqada mazkur uskunalarni ishlata oladigan kadrlar masalasini tayyorlash ham dolzarb boʻlib qolmoqda.

4 (2).jpg

Ana shunday talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, Germaniya va Rossiya davlatlaridan onkologiya sohasidagi yetakchi tibbiy muassasalar onkologlari va fizik-radiologlar ishtirokida sohada erishilgan yutuqlar, malaka va tajribalar asosida maʼruzalar tinglandi.

Germaniyalik ishtirokchilar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati va texnologik jarayonlar bilan tanishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Toshkent viloyati hokimligida ikki davlat oʻrtasida tibbiyotning radioonkologiya yoʻnalishi va kadrlar malakasini oshirishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

– Kongress doirasidagi uchrashuvlar va onkologiya sohasida erishilgan xalqaro tajribalar nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim ahamiyatga ega, – dedi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari B.Yusupaliyev. – Bu kongress ilk marotaba tashkil etilmoqda. Prezidentimizning tibbiyot, xususan, onkologik kasalliklar oldini olish va muolajasiga qaratayotgan alohida eʼtibori xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam boʻldi. Shu sababli ham aynan mazkur yoʻnalishda mamlakatimiz onkologlari, fizik-radiologlari xorijiy tajribani oʻrganib kelmoqda.

Kongressda nur terapiyasi va zamonaviy tibbiy uskunalar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Saraton kasalliklarining oldini olish va davolash boʻyicha amaliy natijalarga erishishda markazlashgan tizimni joriy qilish masalasi ilgari surildi. Germaniyalik professor Vens Frederikning fikricha, saraton kasalliklarini davolashda skrining markazlarining ahamiyati katta. Chunki Germaniyada mazkur markazlar faoliyati sabab saraton kasalliklarini davolashda ijobiy natijalarga erishilgan. Masalan, keyingi yillarda koʻkrak saratoniga chalingan bemorlar oʻlimi keskin kamaygan boʻlsa, bachadonboʻyi saratoni bilan ogʻrigan bemorlar deyarli uchramaydi.

5.jpg

10.jpg

– Bugun mahalliy va xorijlik onkologlar, fizik-radiologlar bilan tajriba almashishga yaxshi imkoniyat yaratildi, – dedi professor Vens Frederik. – Istagimiz hamkorlikni mustahkamlashdir. Shu maqsadda yurtingizga kelib, sohadagi imkoniyatlar bilan tanishishga muvaffaq boʻldik.

Bizning klinikada bemorlar zamonaviy uskunalar va ilgʻor tajribalar asosida davolanadi. Zamonaviy uskunalarga ega klinikamizda chiziqli tezlatgichlardan unumli foydalaniladi. Bunday imkoniyat bizning faoliyatimizda muhim oʻrin tutadi. Bundan tashqari, bemorlar bilan ishlashda internet orqali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi uchrashuvda sohadagi yangiliklar bilan tanishdik, hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik.

Kongress ishi yakuni boʻyicha tashkil etilgan matbuot anjumanida Markaziy Osiyo davlatlarida onkologiya sohasini xalqaro talablar darajasida rivojlantirish, xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikni mustahkamlash, kongressda qoʻllab-quvvatlangan gʻoya va tavsiyalar asosida Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonda seminarlar uyushtirish, Oʻzbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida nemis onkologiya markazini tashkil etish loyihasini qoʻllab-quvvatlash va navbatdagi Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressini ham Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha kelishuvlar maʼlum qilindi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA