Misr Prezidenti Oʻzbekistonga keldi

Misr Prezidenti Oʻzbekistonga keldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisi 4 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. 

 

Misr Prezidenti Oʻzbekistonga keldi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Qisqa suhbatdan soʻng Misr Arab Respublikasi delegatsiyasi oʻzi uchun ajratilgan qarorgohga yoʻl oldi.

Tashrifning asosiy voqealari 5 sentyabrga moʻljallangan. Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining oliy darajadagi uchrashuvlarida Oʻzbekiston – Misr hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

b31cf542-1737-fd53-72ec-c19874ead98b.jpg

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi, Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, taʼlim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Misr Prezidentining tashrifi doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va kooperatsion birjasini oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.

OʻzA