SHAVKAT MIRZIYOYEV YEVROPA TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI PREZIDENTINI QABUL QILDI

SHAVKAT MIRZIYOYEV YEVROPA TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI PREZIDENTINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan YETTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘tgan yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin tomonlar birgalikda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib, dastlabki aniq natijalarga erishdilar.

Bu davrda bank tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 190 million dollardan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi.

Bugungi kunda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurish, energetika tarmog‘i va kommunal xo‘jalik obyektlarini modernizatsiya qilish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati1 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. Shundan qiymati 600 million dollargacha bo‘lgan loyihalarni yaqin oylarda ma’qullash rejalashtirilmoqda.

Joriy yil sentyabr oyida qabul qilinishi mo‘ljallangan YETTBning O‘zbekiston bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish ishlari yakuniga yetmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil noyabr oyida bankning Toshkentdagi vakolatxonasi o‘z faoliyatini tikladi, mamlakatimiz hududlarida uning filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

YETTB ekspertlari mamlakatimizda xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tartibni ishlab chiqishda faol qatnashdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda energetika sektorini isloh qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish borasida birgalikda ish olib borilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, avvalo, asosiy tarmoqlardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning strategiyasini ishlab chiqish, korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi dastur va loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Suma Chakrabarti O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qilayotgan islohot va o‘zgarishlarni, iqtisodiyotdagi liberallashtirish jarayonlarini yuqori baholadi.

YETTB rahbari O‘zbekiston Prezidentining o‘zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, ularni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida bankning O‘zbekiston bilan sherikligini yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.