O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes muloqoti

O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes muloqoti

Toshkentda 12 fevral kuni Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan biznes-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Janubiy Koreyaning Tashqi ishlar, Savdo, sanoat va energetika vazirliklari, ishbilarmon doiralarining 60 dan ziyod vakillari, O‘zbekistondan tashqi savdo, sarmoya, energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, ta’lim, transport va transport kommunikatsiyalari, axborot texnologiyalari hamda sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralar, kompaniya va konsernlar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.Xolmurodov, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon va boshqalar O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga davlat tashrifidan so‘ng bu munosabatlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Koreya Respublikasi delegatsiyasining mazkur tashrifidan ko‘zlangan maqsad ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish hamda Koreyaning yirik sarmoyaviy kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. So‘nggi yillarda hamkorlik uchun yangi ufqlar ochildi, energetika, neft-gaz, ta’lim, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, kimyo sanoati va boshqa sohalarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Forumda O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati haqida videorolik namoyish etildi. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ahmadxo‘jayev mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi taqdimotini o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Janubiy Koreyaning yetakchi korporatsiyalari rahbarlari O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar katta qiziqish uyg‘otayotgani, mamlakatimiz bilan aloqalarni kengaytirishdan har tomonlama manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Janubiy Koreya delegatsiyasi, shuningdek, Toshkentdagi Inha universitetiga tashrif buyurdi. Bu yerda Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining tarixi, axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik haqida ma’ruza qildi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA