II XALQARO MEVA-SABZAVOT YARMARKASI

II XALQARO MEVA-SABZAVOT YARMARKASI

2017-yilning 6-8-sentabr kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Xalqaro yarmarka «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, “O‘zvinosanoat-xolding” XK, “O‘zbekoziqovqatzaxira” Uyushmasi, «O‘zekspomarkaz» AJ, «O‘zagroeksport» AJ va «Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi Direksiyasi» MChJ tomonidan tashkil etilmoqda.

Yarmarka mahalliy kompaniyalar uchun o‘z mahsulotlarini taqdim etish, eksport geografiyasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bozorlarini va yangi xorijiy hamkorlarni topish imkonini beradi. Chet ellik ishtirokchilarga esa, o‘z davlatlari bozorlari uchun meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish borasida hamkorlik aloqalari o‘rnatishga zamin yaratadi.

II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda ekologik toza, xususiyatlari iste’molbop va mazasi bo‘yicha tengi yo‘q sabzavot, meva, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirishning g‘oyat katta imkoniyatlari, shuningdek, ularning sanoat asosida qayta ishlangan tayyor sifatli mahsulotlari to‘g‘risida xorijdagi qayta ishlovchi va savdo kompaniyalarni keng xabardor qilishdan iboratdir.

Yarmarkaning asosiy vazifalari:

– xorijiy hamkorlarni O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan tanishtirish;

– meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar, qayta ishlovchi korxonalar va xorijiy import qiluvchi kompaniyalar o‘rtasida uzoq muddatli, istiqbolli va o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish;

– meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha bitim va shartnomalar tuzish.

Yarmarkada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib beruvchilar va qayta ishlovchilar, turdosh soha vazirlik, idora va tashkilotlarning vakillari o‘z mahsulotlarini taqdim etadi, bundan tashqari eksportyorlar va chet ellik xaridorlarga zarur bo‘lgan ma’lumotlar berishadi.

Ko‘rgazma pavilonlarida, xususan O‘zbekistonda yetishtirilgan xo‘l, quritilgan va qayta ishlangan meva, sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar hamda ziravorlar taqdim etiladi.

Bugungi kunda mahalliy meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilar uchun xorijiy qayta ishlovchi va riteyl kompaniyalari katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy ishtirokchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish maqsadida “O‘zekspotsentr” MVK pavilonlarida “muzokara maydonchalari” ishlaydi, bunda tovar yetkazib beruvchilar xorijiy savdo kompaniyalari, xususan xarid qilish bo‘yicha qaror qabul qiluvchi mutaxassislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish mumkin.

Muallif: «O‘zbekoziqovqatxolding» Xolding kompaniyasi