Germaniya bilan ikki tomonlama aloqalar an’anaviy keng ko‘lamli xarakterga ega bo‘lib, turli jabhalarini qamrab olgan. Hamkorlikning salmoqli shartnoma-huquqiy bazasi yaratilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasida turli, jumladan oliy darajadagi siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Germaniyaga rasmiy tashriflari (1993-, 1995- va 2001-yillar), Germaniya Prezidenti R.Gerzogning O‘zbekistonga davlat tashrifi (1995yil) va Kantsleri G.Shryoderning rasmiy tashrifi (2002-yil) amalga oshirilgan. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 14 ta doirasi o‘tkazilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvar oyidagi Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi hamda Germaniya federal Prezidenti Frank-Walter Steinmeierning 2019 yilning may oyidagi O’zbekistonga tashrifi ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar-madaniy munosabatlarni yangi bosqichga chiqardi.
Shuningdek, parlamentlararo aloqalar, huquq va xavfsizlik sohalarida hamda mudofaa vazirliklari yo‘nalishida hamkorlik faol rivojlanmoqda.
Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2017-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zbek-german savdo aylanmasi hajmi 613,2 million AQSh dollari, 2018-yil yanvar-noyabr davrida 712,1 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi moliyaviy va texnikaviy hamkorlikning umumiy hajmi 329,9 million yevrodan oshgan.
O‘zbekistonda nemis madaniyati va tilini o‘rganishga katta qiziqish mavjud. Nemis tili respublikada eng ko‘p tarqalgan chet tillari orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Hozirgi paytda oliy ta’lim sohasida Germaniyaning 30 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan sheriklik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, talabalar, mutaxassislar va pedagog kadrlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Ikki tomonlama madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirishda Toshkent va Berlin, Samarqand va Bremen, Buxoro va Bonn shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari muhim rol o‘ynaydi.