O‘zbekiston va Iordaniya: siyosiy muloqotdan amaliy hamkorlik sari

O‘zbekiston va Iordaniya: siyosiy muloqotdan amaliy hamkorlik sari

Iordaniya bilan sheriklik O‘zbekistonning bir qator strategik manfaatlariga mos keladi. U kimyo sanoati, farmatsevtika, tog‘-kon sanoati va suv tejovchi texnologiyalar sohalaridagi tajriba va salohiyatdan foydalanish imkonini beradi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlari bilan aloqalarni mustahkamlaydi hamda mintaqaviy xavfsizlik va ma’rifat masalalaridagi hamkorlikni kengaytiradi. Iordaniya uchun esa O‘zbekiston bilan hamkorlik Markaziy Osiyoning iqtisodiy makonida faoliyat yuritish va sanoat loyihalarida ishtirok etish uchun sharoit yaratadi. Ushbu o‘zaro to‘ldiruvchi imkoniyatlarni barqaror savdo, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiyalarga qanday aylantirish mumkin? Bu savolga javob munosabatlarning hozirgi bosqichi mazmunini belgilaydi.

Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda ular yangi ko‘lam va aniq mazmun kasb etdi. Qirol Abdulla II ibn al-Husaynning 2025-yil 25-26-avgust kunlari Samarqandga amalga oshirgan, ikki tomonlama aloqalar tarixidagi ilk davlat tashrifi yangi davrning burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Qiroli sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Jami 15 ta hujjat, jumladan, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, Qo‘shma komissiyani tashkil etish hamda viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Ushbu qarorlar aloqalarni yanada yaqinlashtirish uchun shartnomaviy asos va doimiy mexanizmlarni yaratdi.

2026-yilda kelishuvlar amalga oshirish bosqichiga o‘tdi. Parlamentlararo do‘stlik guruhlari va Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi, 2-aprel kuni Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Iyul oyida Amman va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshirilmoqda, reyslarning o‘rtacha bandlik darajasi esa 80 foizdan oshmoqda. 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz tartib va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov tadbirkorlar, ekspertlar, sayyohlar hamda ta’lim muassasalari vakillarining safarlarini yengillashtirdi. Ushbu chora-tadbirlar birgalikda doimiy idoralararo muvofiqlashtirishni ta’minladi, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi qatnovni osonlashtirdi.

Ayni paytda hamkorlik ko‘p tomonlama darajaga ham chiqdi. 6-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qirol Abdulla II Ostona shahrida Aqaba jarayoni doirasida uchrashdilar. Iordaniya tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu platforma Markaziy Osiyo yetakchilari bilan mintaqaviy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalarini muhokama qilish maydoniga aylandi. Shu tariqa ikki tomonlama hamkorlik mintaqaviy muloqot bilan to‘ldirilmoqda.

Aqaba jarayoni doirasida O‘zbekiston «Inson manfaatlari yo‘lida raqamli rivojlanish» tashabbusini ilgari surdi hamda sun’iy intellektni boshqarish, xavfsizlik va ma’rifat masalalarida xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligini qayd etdi. Ushbu kun tartibining iqtisodiy ahamiyati investitsiyalar uchun xavfsiz va oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan muhitni shakllantirish, raqamli kompetensiyalarni mustahkamlash hamda yangi tarmoqlar uchun kadrlar tayyorlashdan iborat. Shu bois ko‘p tomonlama muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat va texnologik hamkorlikni uzviy ravishda to‘ldiradi.

Yaratilgan institutlar aniq iqtisodiy ishlarga o‘tish imkonini bermoqda. O‘zaro savdoning o‘sishini barqaror yetkazib berish, ishlab chiqarish zanjirlari va uzoq muddatli investitsiyalar bilan mustahkamlash zarur. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiyaning 26-27-oktabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan ishchi tashrifi aynan shu maqsadga bag‘ishlandi. Tegishli davlat tuzilmalari rahbarlari, Qirollik devoni, Sanoat palatasi va yetakchi kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. O‘zbekiston-Iordaniya davra suhbati hukumatlararo kun tartibini sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, energetika va logistika sohalaridagi biznes tashabbuslari bilan bog‘ladi. Asosiy e’tibor qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, kapital jalb qilish va tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratildi.

2021-2025-yillarda tovar ayirboshlash hajmi 8,5 barobar oshdi, faqat 2025-yilning o‘zida esa avvalgi yilga nisbatan 79,2 foizga o‘sdi. Bunday sur’at ishbilarmonlik aloqalari faollashganini ko‘rsatadi, biroq hamkorlikning katta salohiyati hali to‘liq ro‘yobga chiqarilgani yo‘q. 2026-yilda matni kelishilgan Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim 300 ta tovar pozitsiyasini qamrab oladi. Bitimda nazarda tutilgan imtiyozlarning joriy etilishi yetkazib berish hajmini kengaytirish va tarkibini diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.

Hozirgi vaqtda Iordaniyada O‘zbekiston savdo uyini ochish masalasi kelishilmoqda. Uni bo‘lajak davlat tashrifi davomida ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu maydon mahalliy mahsulotlarni ilgari surish, iordaniyalik xaridorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish va muntazam eksport yetkazib berishlarini tashkil etishga ko‘maklashadi.

Investitsiyaviy aloqalar ham aniq ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘lmoqda. Oktabr oyiga kelib O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokidagi 23 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2021-yilda ularning soni oltita edi. Tayyorgarlikning turli bosqichlarida bo‘lgan 13 ta loyihadan iborat portfel shakllantirilgan. Ushbu o‘zgarishlar alohida kelishuvlardan Iordaniya biznesining mamlakatdagi barqaror faoliyatiga bosqichma-bosqich o‘tilayotganidan dalolat beradi.

Sanoat kooperatsiyasi iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishini eng yaqqol namoyon etadi. Kimyo tarmog‘ida beshta tashabbus ko‘rib chiqilmoqda. «Spartan Modern Industries» kompaniyasining ikkita loyihasi Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan. «Jordan Phosphate Mines» bilan birgalikda fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar paketi tayyorlanmoqda.

«Dar Al-Dawa» kompaniyasi O‘zbekistonda mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish uchun 31 ta dori vositasini belgilab oldi. Ushbu pozitsiyalar bo‘yicha import hajmi 105 million dollarni tashkil etadi. Ularni mamlakatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish milliy farmatsevtika bazasini kengaytirish va importning bir qismini almashtirish imkonini beradi.

«Manaseer Group» kompaniyasining loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Taklif etilayotgan texnologiya yem-xashak ekinlarini yetishtirishda suv va odatiy o‘g‘itlar sarfini 50 foizga kamaytirishga mo‘ljallangan. O‘zbekiston polimerlarini allaqachon xarid qilayotgan «MAIS Irrigation» kompaniyasi suv tejovchi tizimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlamoqda. Natijada amaldagi polimer yetkazib berish aloqalari qo‘shma ishlab chiqarishga aylanishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada o‘z tashabbuslarini ilgari surmoqda. «O‘zBazalt» va «National Arab Mining» yiliga 10 ming tonna bazalt tolasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlab, loyiha hujjatlarini tayyorlashga kirishdi. To‘qimachilik korxonalari Iordaniyaning savdo bitimlari doirasida AQSh bozoriga mahsulot yetkazib berish uchun Aqaba sanoat zonasida ishlab chiqarishni joylashtirish masalasini o‘rganmoqda. Shuningdek, mahalliy biznesning geologiya-qidiruv va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi ko‘rib chiqilmoqda. Shu tariqa sanoat kooperatsiyasi har ikki mamlakatda ishlab chiqarishlarni joylashtirishni nazarda tutadi.

Ishlab chiqarishning yangi geografiyasi barqaror logistikani talab etadi. Aqaba porti va shu nomdagi maxsus iqtisodiy zona O‘zbekiston mahsulotlarini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga yetkazib berish uchun tayanch yo‘nalishga aylanishi mumkin. Savdo-logistika markazini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda, 2027-yil yanvar oyidan esa «Royal Jordanian» yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi aviaqatnovi, vizasiz tartib, kutilayotgan savdo preferensiyalari va Aqaba infratuzilmasi yetkazib berish muddatlari va logistika xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiluvchi o‘zaro bog‘liq tizimni shakllantirishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekiston-Iordaniya hamkorligi oliy darajadagi qo‘llab-quvvatlash, shartnomaviy asos, faoliyat yuritayotgan institutlar va loyihalar portfeliga tayanmoqda. Bo‘lajak davlat tashrifi yo‘l xaritalari, muddatlar va mas’ul ijrochilarni belgilash, yaratilgan mexanizmlar faoliyatini aniq tashabbuslarni amalga oshirish bilan bog‘lash imkonini beradi. Bu har bir kelishuvning amalda ishga tushirilishiga qadar doimiy kuzatib borilishini ta’minlaydi.

Shakllantirilgan portfelning izchil amalga oshirilishi Iordaniyaning tarmoq kompetensiyalari, O‘zbekistonning ishlab chiqarish bazasi va Aqabaning logistika imkoniyatlarini birlashtirishga xizmat qiladi. Bunday uyg‘unlik sheriklik ko‘lamini alohida loyihalar doirasidan tashqariga olib chiqib, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasida barqaror iqtisodiy aloqani shakllantiradi.