Antaliyada bo‘lib o‘tayotgan COP31 konferensiyasi global iqlim kun tartibida majburiyatlarni qabul qilishdan ularni amalda bajarishga o‘tish bosqichiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston uchun konferensiya xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, sheriklik aloqalarini kengaytirish va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatidir. So‘nggi yillarda iqlim masalalari mamlakatdagi milliy islohotlarning ham, tashqi siyosatning ham muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Bunda Toshkentning xalqaro maydonlardagi faolligi, avvalo, mamlakat ichida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga tayanadi.
Milliy islohotlar – iqlim diplomatiyasining asosi
O‘zbekiston iqlim sohasidagi davlat siyosatining yaxlit tizimini izchil shakllantirmoqda. 2018-yilda Parij bitimini ratifikatsiya qilgan va 2019–2030-yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qabul qilgan mamlakat milliy miqyosda belgilanadigan hissa (NDC 3.0) doirasidagi majburiyatlarini yangiladi. Ular 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirish hamda 2055-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni nazarda tutadi. E’tiborlisi, O‘zbekiston tashlamalarni 2030-yilgacha 35 foizga kamaytirish bo‘yicha avvalgi maqsadiga muddatidan oldin erishdi.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish hal qiluvchi o‘rin tutadi. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvati 6,3 GVtdan oshdi, gidroenergetikani hisobga olganda, elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yaqinlashdi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Energetika vazirligining baholashicha, hozirgi sur’atlar saqlanib qolsa, ushbu maqsadli ko‘rsatkichdan ham yuqori natijaga erishish mumkin. Bu mamlakatda energetik o‘tish jarayoni barqaror tus olganidan dalolat beradi.
Energetika bilan bir qatorda suvni tejash va yerlarni qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda bu ayniqsa dolzarbdir. Agar 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan maydonlar jami sug‘oriladigan yerlarning atigi 4 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 60 foizga yetdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu joriy yilning o‘zida qariyb 10 milliard kub metr, 2028-yilga borib esa 14 milliard kub metrgacha suvni tejash imkonini beradi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa 2 million gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. Bu mamlakat issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish bilan birga, iqlim o‘zgarishiga moslashishga ham tobora ko‘proq e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.
Islohotlar zarur mexanizm va institutlarni yaratish bilan birga olib borilayotgani muhimdir. 2025-yil noyabr oyida Ekologiya vazirligi negizida bevosita davlat rahbariga hisobdor bo‘lgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Bu davlat boshqaruvi tizimida ekologik siyosatning maqomi yuksalayotganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, 2025-yilda uglerod birliklari savdosining milliy tizimi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida esa O‘zbekiston ushbu sohadagi chuqur islohotlar natijasida Jahon bankidan uglerod moliyalashtirish mablag‘larini olgan dunyodagi birinchi mamlakatga aylandi.
2023-yilda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etildi. Unga biriktirilgan “yashil” texnikumlar tarmog‘i orqali 2030-yilgacha kamida 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Bu uzoq muddatli “yashil” rivojlanish uchun kadrlar poydevorini yaratadi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik
Suv tanqisligi, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasi Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli bu muammolarni faqat muvofiqlashtirilgan harakatlar asosida samarali hal etish mumkin.
O‘zbekiston suv va energetika resurslarini boshqarishning qo‘shma mexanizmlarini rivojlantirish tarafdori. Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Qambarota GES-1 loyihasi bunga misoldir. U mamlakatlarning mintaqaviy suv-energetika salohiyatidan kelishilgan holda foydalanishga intilishini aks ettiradi. Umumiy me’yoriy asos ham shakllanmoqda: mintaqa davlatlari COP28 konferensiyasida taqdim etilgan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqdi.
Ayni paytda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish uchun “yashil yo‘lak” loyihasini ilgari surmoqda.
Ekspertlar darajasidagi hamkorlik ham rivojlanmoqda. Toshkentda Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi, shuningdek, 2025-yilda Green University negizida ochilgan va mintaqaning barcha besh mamlakatini qamrab oluvchi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu Toshkentning ekologiya sohasidagi mintaqaviy ekspertiza markazlaridan biri sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro maydonlarda, jumladan, Tog‘li mamlakatlar guruhi hamda Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar guruhi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari pozitsiyalarini muvofiqlashtirishga ham ko‘maklashmoqda. Bu mintaqaning muzokaralardagi imkoniyatlarini mustahkamlaydi.
Xorijiy mamlakatlar bilan sheriklik
Milliy va mintaqaviy ustuvor vazifalarni amalga oshirish xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni faol rivojlantirish bilan birga olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik investitsiyaviy, texnologik va ekspertlik yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi hamkorlik ayniqsa keng ko‘lam kasb etdi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan qo‘shma tashabbuslar portfelining umumiy qiymati 24 milliard dollardan ortiq deb baholanmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda esa umumiy quvvati 1,2 GVtdan ziyod elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Bunday ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasi xorijiy investorlar uchun jozibador ekanini yaqqol namoyon etadi.
Yaponiya bilan Parij bitimining 6-moddasi doirasidagi Qo‘shma kreditlash mexanizmi asosida hamkorlik rivojlanmoqda. Sho‘rlangan yerlarni tiklash uchun galofit bog‘lar yaratishda esa Xitoy tajribasi qo‘llanilmoqda.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalararo hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi. Global Gateway dasturining 12 milliard yevrolik investitsiya paketidan 6,4 milliard yevro gidroenergetika va iqlim loyihalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Xalqaro maydonlardagi tashabbuslar
O‘zbekiston xalqaro maydonlarda muhokamalarda ishtirok etishdan o‘z tashabbuslarini ilgari surish bosqichiga o‘tdi. Mamlakat rahbariyatining BMT minbaridagi chiqishlari ushbu yondashuvning rivojlanishini yaqqol aks ettiradi.
Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi bu yo‘nalishdagi boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. Unda davlat rahbari Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. 2018-yildayoq O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tashkil etildi. 2021-yilda esa BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Shu tariqa mintaqaviy ekologik muammo global darajada e’tirof etildi.
Shu bilan birga, mamlakatning Tomonlar konferensiyalaridagi ishtiroki kengayib bordi. O‘zbekiston 2021-yilda Glazgoda bo‘lib o‘tgan COP26 konferensiyasida yangilangan milliy miqyosda belgilanadigan hissasini taqdim etdi, Sharm ash-Shayxdagi COP27 konferensiyasida Mintaqaviy iqlim kengashini tuzishni taklif qildi. Dubaydagi COP28 konferensiyasida esa davlat rahbari Green University negizida Iqlim ilmiy forumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi hamda Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha global maqsadni imkon qadar tezroq kelishib olish tarafdori ekanini bildirdi. Bunda asosiy e’tibor bosqichma-bosqich milliy majburiyatlardan mintaqaviy va ilmiy mexanizmlarga ko‘cha boshladi.
Mazkur yondashuv Bokudagi COP29 konferensiyasida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Prezidenti rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni tashkil etish hamda BMT shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqishni taklif etdi. Belem shahridagi COP30 konferensiyasida mamlakat NDC 3.0ni taqdim etdi, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida esa iqlim migratsiyasi sohasida xalqaro sheriklikni rivojlantirish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tashabbusini ilgari surdi.
Samarqandda yirik xalqaro tadbirlar – BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasi sessiyasi, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya hamda Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) tomonlarining konferensiyalari, shuningdek, Global ekologik jamg‘arma assambleyasining o‘tkazilishi ekologik kun tartibini ilgari surishning qo‘shimcha vositasiga aylandi. Bunday forumlar uchun O‘zbekistonning mezbon sifatida tanlanishi xalqaro hamjamiyatning mamlakatga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.
Shunday qilib, o‘n yildan kamroq vaqt ichida O‘zbekistonning xalqaro maydonlardagi kun tartibi Orol muammosidan moliyalashtirish, moslashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy oqibatlari masalalarigacha kengaydi.
COP31: milliy ustuvor vazifalarni amalga oshirish imkoniyatlari
E’tiborlisi, COP31 kun tartibidagi moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va majburiyatlarni amalda bajarish masalalari ko‘p jihatdan O‘zbekistonning milliy ustuvorliklariga mos keladi. Bu mamlakatga Antaliyada umumiy chaqiriqlar bilan cheklanmay, aniq ehtiyoj va takliflarni ilgari surish imkonini beradi.
Moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning 2030-yilgacha bo‘lgan moliyaviy ehtiyojlari qariyb 50 milliard dollar deb baholanmoqda. Shundan qariyb uchdan bir qismi iqlim o‘zgarishiga moslashish choralariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli COP30 konferensiyasining moslashish uchun ajratiladigan moliyalashtirish hajmini uch barobar oshirishga qaratilgan chaqirig‘i O‘zbekiston uchun bevosita amaliy ahamiyatga ega. Biroq mablag‘ jalb etish puxta ishlab chiqilgan loyihalarni taklif qila olishga bog‘liq. Shu jihatdan mamlakatning BRIDGE tashabbusi doirasidagi dastlabki tajriba-sinov ishtirokchilari qatoriga kirishi milliy majburiyatlarni aniq investitsiyaviy yechimlarga aylantirish imkonini beradi.
Mintaqaviy yo‘nalish ham muhim ahamiyatga ega. Iqlim migratsiyasi bo‘yicha “Ipak yo‘li deklaratsiyasi”ni qabul qilish tashabbusi BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida boshlangan sa’y-harakatlarning davomi bo‘lib, Markaziy Osiyo uchun tobora dolzarb tus olayotgan muammoni xalqaro darajaga olib chiqadi. Bu O‘zbekistonning mintaqa uchun umumiy kun tartibini shakllantiruvchi mamlakat sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Turkiyaning raisligi ham muayyan ahamiyat kasb etadi. Anqaraning ustuvor yo‘nalishlari, avvalo, chiqindisiz iqtisodiyot va “yashil” energetika O‘zbekistonning milliy loyihalari bilan hamohangdir. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni ekologiya sohasidagi yangi hamkorlik yo‘nalishlari bilan boyitish uchun sharoit yaratadi.
Shunday qilib, COP31dagi ishtirok O‘zbekiston uchun iqlim diplomatiyasini mustahkamlashning muhim vositasiga aylanmoqda. Konferensiya mamlakatga ichki islohotlar natijalariga tayanish, Markaziy Osiyo manfaatlarini ilgari surish hamda avval bildirilgan tashabbuslarni aniq loyihalar va moliyaviy yechimlarga aylantirish imkonini beradi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydonlardagi mavqeini mustahkamlash hamda barqaror rivojlanish bo‘yicha global kun tartibida mintaqaning rolini oshirishga xizmat qiladi.
Qayumova Madinabonu
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI yetakchi ilmiy xodimi
