Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari

Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, iqtisodiyot, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish hamda davlat moliyasini boshqarish kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi aloqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi doirasida mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, innovatsion va yuqori texnologiyali tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14–17-sentabr kunlari Koreya Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi arafasida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish uchun muhim imkoniyatlar yaratiladi.

Xususan, davlat moliyasini boshqarish va g‘aznachilik tizimini modernizatsiya qilish yo‘nalishida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib bormoqda. Jumladan, g‘aznachilik tizimini modernizatsiya qilish hamda “Raqamli g‘azna” tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish doirasida Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda.

Joriy yilning 5–10-aprel kunlari Koreya Respublikasida Koreya fiskal axborot xizmati (KFIS) tomonidan davlat moliyasini boshqarish axborot tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tashrif davomida Koreya Respublikasida davlat moliyasini boshqarish sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or axborot tizimlari, jumladan, “dBrain+”, “e-Naradoum” va “e-Hojo” tizimlarining ishlash mexanizmlari, funksional imkoniyatlari hamda davlat moliyasini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirishdagi o‘rni batafsil o‘rganildi.

Shuningdek, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Koreya fiskal axborot xizmati o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki tomonlama hamkorlikni institutsional jihatdan yanada mustahkamlash, tajriba almashishni kengaytirish hamda davlat moliyasini boshqarish axborot tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Koreya fiskal axborot xizmati rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida O‘zbekiston davlat moliyasini boshqarish axborot tizimlarini modernizatsiya qilish jarayoniga Koreya Respublikasidan yuqori malakali ekspertni jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Koreya  bilan yarimo‘tkazgichlar ekotizimini shakllantirish, “OSAT” (chiplarni qadoqlash va sinovdan o‘tkazish jarayoni) hamda “IC Design” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari mavjud.

Yarimo‘tkazgichlar uchun xomashyo va yuqori tozalikdagi kimyoviy materiallar ishlab chiqarish sohasida Koreya Respublikasining ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga jalb etish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimizda “semiconductor materials” bazasini shakllantirish imkoniyatlarini o‘rganish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.

Yarimo‘tkazgichlar sohasida “SK Group”, xususan, “SK Hynix” bilan hamkorlikni rivojlantirish doirasida texnologiyalar transferini amalga oshirish, “IC Design” bo‘yicha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, mahalliy muhandislar va chip dizayni bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qo‘shma o‘quv dasturlarini, shu jumladan, grantlar asosidagi loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tashabbuslarning amalga oshirilishi O‘zbekistonda zamonaviy elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, yuqori malakali muhandislik kadrlarini tayyorlash, ilg‘or texnologiyalarni mahalliylashtirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun muhim zamin yaratadi.

Koreya Respublikasining ilg‘or texnologik va institutsional tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash, o‘zaro manfaatli investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish hamda zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shu jihatdan, Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi va oliy darajadagi tashrif doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi texnologik loyihalarni amalga oshirish hamda uzoq muddatli istiqbolda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tarmoqlarni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.