Jahon iqtisodiyoti rivojlanishining hozirgi bosqichi xalqaro ta’minot zanjirlarining keng miqyosda o‘zgarishi va geosiyosiy beqarorlikning kuchayishi bilan tavsiflanadi. Bunday sharoitda o‘zaro transport bog‘liqligi iqtisodiy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning muhim omillaridan biriga aylanib bormoqda.
Mazkur jarayonlar Yevroosiyo davlatlari uchun alohida dolzarblik kasb etadi. Bu borada tranzit yo‘laklarining yangi me’morchiligida asosiy bo‘g‘in vazifasini o‘tayotgan Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi kompleks transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyatga ega.
Rossiya–O‘zbekiston hamkorligi barqaror ijobiy o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi yuk tashishning umumiy hajmi 18,2 million tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga oshdi. Tashuvlar tarkibida eksport 3,6 million tonnani, import – 9,2 million tonnani, tranzit esa – 5,4 million tonnani tashkil qildi.
Yuk aylanmasining asosini an’anaviy tarzda temiryo‘l transporti shakllantiradi. 2025-yilda bu boradagi hajmlar 12,9 million tonnaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 12,3 foizga o‘sdi. Ayni paytda tranzit tashuvlari qariyb 15 foizga ko‘payib, 4,8 million tonnani tashkil etdi.
Strategik sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamkorlikning muhim bosqichi bo‘ldi. Xususan, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi”ni “Transmashxolding” AJning ishonchli boshqaruviga o‘tkazish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Imzolangan kelishuvlar doirasida 2026-yil oxirigacha korxonani bosqichma-bosqich xususiylashtirish istiqboli bilan uni to‘liq modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Yo‘lovchi tashish bo‘yicha temiryo‘l sohasida “Toshkent – Moskva” va “Toshkent – Qozon” yo‘nalishlarida qatnovlar to‘liq tiklandi. Kun tartibida Andijondan Moskvaga poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish hamda ikki mamlakatning sayyohlik markazlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temiryo‘l aloqasini tashkil etish masalasi turibdi.
Avtomobil tashuvlarini rivojlantirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, avtomobilda yuk tashish hajmi 5,2 mln tonnadan oshib, 16,5 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, yo‘lovchi avtobus qatnovlarini rivojlantirish ham davom etmoqda. Toshkentdan Novosibirsk, Qozon, Perm, Krasnodar, Ufa, Moskva va Sankt-Peterburgga muntazam avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi.
2026–2028-yillarda Nijniy Novgorod, Tyumen va Yekaterinburgga yo‘nalishlar ochish rejalashtirilgan. Xizmatlar sifatini oshirish maqsadida yagona xizmat ko‘rsatish standartlari, monitoring tizimlari va chiptalarni elektron bron qilish kabi raqamli servislar joriy etilmoqda.
Aviatsiya aloqalari sohasida ham salmoqli natijalarga erishildi. 2025-yilda 34 mingdan ortiq ikki tomonlama aviaqatnov amalga oshirilib, 4,8 foizlik o‘sishga erishildi va 4,2 mln dan ziyod yo‘lovchi tashildi. Bugungi kunda parvozlar haftasiga 340 ta reys chastotasi bilan bajarilmoqda. Ularda Rossiyaning 45 dan ortiq aviakompaniyasi hamda O‘zbekistonning yetakchi aviatashuvchilari (“Uzbekistan Airways”, “Qanot Sharq”, “Panorama Airways”, “My Freighter”) ishtirok etmoqda.
2025-yil iyun oyida Moskvada aviatsiya idoralarining kelishuvlari hamkorlikda tub burilish yasadi. Tomonlar muntazam reyslar chastotasini haftasiga 1000 tagacha oshirishga kelishib oldilar. Ushbu kvotalardan to‘liq foydalanilgan taqdirda, tashish sig‘imi yiliga 16 mln yo‘lovchidan oshadi.
Hamkorlikning eng muhim yo‘nalishi yangi xalqaro transport yo‘laklarini birgalikda shakllantirishdan iborat bo‘lib, ularning asosiysi “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal yo‘lagidir. Loyihani amalga oshirish 2023-yili SHHTning birinchi Transport forumi doirasida ushbu yo‘lakni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandumni imzolash bilan boshlangan edi.
2024-yil aprel oyida Termiz shahrida ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar yuk oqimlarini tahlil qilish, elektron raqamli hujjatlarni joriy etish va bojxona tartib-taomillarini optimallashtirishni ko‘zda tutuvchi yo‘l xaritasini imzoladilar. Pokiston memorandumga qo‘shilgach, 2025-yil davomida ishchi guruhning bir qator qo‘shimcha yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda tarif shartlari, logistik yechimlar va yo‘nalish bo‘ylab sinov tariqasidagi konteyner tashuvlarini tashkil etish masalalari kelishib olindi.
Istiqbolda ushbu transport yo‘lagi Belarus va Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Janubiy Osiyo bozorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport-logistika aloqasini ta’minlovchi Yevroosiyo makonining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanish salohiyatiga ega.
Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi transport va logistika sohasida to‘laqonli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Transportning barcha turlarini sinxron rivojlantirish, chuqur sanoat kooperatsiyasi va yangi tranzit yo‘nalishlarini birgalikda qurish Katta Yevroosiyo bo‘ylab iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qodir bo‘lgan Yevroosiyo bog‘liqligining mustahkam poydevorini shakllantirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazining yetakchi mutaxassislari Sh. Ahmedov va M. Tohirov
