O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasining konsullik okrugida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) berish tartibi
O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) olish uchun ariza beruvchi belgilangan qabul vaqtida Bosh konsulxonaga shaxsan murojaat qilishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
1. O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi nomiga yozilgan ariza. Arizada JShShIR olish sababi ko‘rsatilishi kerak.
2. To‘ldirilgan anketa (anketani chop etish). Anketa elektron shaklda to‘ldirilishi va yakunda chop etilishi lozim. Anketaning barcha bandlari batafsil ma’lumotlar bilan to‘liq to‘ldirilgan, tuzatishlar va o‘zgartirishlarsiz bo‘lishi shart.
3. Pasportning asli va bo‘sh sahifalaridan tashqari barcha sahifalarining nusxasi (A4 formatdagi bir varaqda pasportning ikki sahifasini joylashtirish mumkin).
4. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijiy davlat hududida qonuniy ravishda bo‘lib turganligini tasdiqlovchi hujjatning asli va nusxasi. Jumladan, pasportdagi tegishli viza stikeri, yashash uchun ruxsatnoma yoki Germaniyaning vakolatli organlari tomonidan berilgan, ariza beruvchining mamlakatda bo‘lishiga ruxsati mavjudligini tasdiqlovchi alohida ma’lumotnoma.
5. Mazkur konsullik harakati uchun to‘lovni Bosh konsulxonada qabul vaqtida bank kartasi orqali yoki qabulga kelishdan oldin bank o‘tkazmasi orqali amalga oshirish mumkin. To‘lov oldindan bank o‘tkazmasi orqali amalga oshirilgan taqdirda, to‘lov kvitansiyasining nusxasi hujjatlarga ilova qilinishi lozim.