TOSHKENT, 5 iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bugun davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Samarqand aeroportida Qatar Amirini O‘zbekiston Prezidenti kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tarildilar. Milliy qo‘shiq va raqslardan iborat tantanali marosim bo‘ldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga rejalashtirilgan. Bugun ikki mamlakat yetakchilari ko‘hna Samarqandning tarixiy obidalariga birgalikda tashrif buyuradilar.