O`zbekiston fuqaroligidan chiqish

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirish uchun ariza beruvchi shaxs quyidagi hujjatlar to‘plamisini shaxsan ikki nusxada (alohida papkalarda) Bosh konsulxonaga topshirishi lozim:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risida ariza. Ariza (namuna) o‘zbek tilida chiqish sabablarini bayon etgan holda qo‘lda, bir xil rangdagi siyoh ruchka bilan yoziladi. Ariza to‘ldirilgan sana ko‘rsatilgan holda ariza beruvchi tomonidan imzolanishi va konsul tomonidan tasdiqlanishi shart. Hujjatda har qanday tuzatish va o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yilmaydi;

  • 18 yoshga to‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g‘risidagi arizasi bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va/yoki pasporti nusxasi bilan birga uning ota-onasi tomonidan beriladi. Bu masala arizaning tegishli ustunida ko’rsatiladi;

  • 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga etmagan shaxslar esa ota-onaning arizasiga o‘zbek tilida yozilgan shaxsiy roziligini ilova qilishi shart. Ushbu rozilik konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim. Barcha nusxalar to‘ldirilgan sana ko‘rsatilgan holda imzolanishi va konsul tomonidan tasdiqlanishi kerak. Har qanday tuzatish va o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yilmaydi;

  • Agar ota-onaning har ikkalasi ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib, ulardan biri O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish va bir vaqtning o‘zida voyaga etmagan farzandning fuqaroligidan chiqishi haqida ham ariza bersa, bu holda ikkinchi ota-onaning konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan yozma roziligi taqdim etilishi kerak. Ushbu roziligida farzandning fuqaroligidan chiqishiga bo‘lgan munosabati ko‘rsatilishi lozim;

  • Ota-onalarning notarial tasdiqlangan yozma roziligi taqdim etilishi lozim. Unda ularning farzandlari (barcha yoshdagi fuqarolarga taalluqli, faqat ota-ona farzandlari bilan birga fuqarolikdan chiqish uchun hujjat topshirgan holatdan tashqari) fuqarolikdan chiqishiga qarshi emasliklari va kelgusida moddiy da’volari bo‘lmasligi ko‘rsatilishi zarur.

Quyidagi hollarda:

  • Agar ota-onaning har ikkalasi vafot etgan bo‘lsa, o‘lim haqidagi guvohnomaning asl nusxasi va ko‘chirma nusxasi taqdim etilishi lozim;
  • Agar farzandni ota-onaning biri yolg‘iz tarbiyalagan bo‘lsa, buni tasdiqlovchi hujjat (asl va ko‘chirma nusxasi) taqdim etilishi lozim;
  • Agar ota-onalar ajrashgan bo‘lsa, buni tasdiqlovchi hujjat (asl va ko‘chirma nusxasi) taqdim etilishi lozim.

Taqdim etiladigan hujjatlar nusxalari — milliy pasport (barcha sahifalari), tug‘ilganlik haqida guvohnoma, nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma, ajrashish haqidagi guvohnoma, ota-onaning yoki turmush o‘rtoqning o‘lim haqidagi guvohnomasi, farzand asrab olish haqidagi hujjatlar, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror, aliment to‘lash haqidagi hujjat, mehnat daftarchasi va boshqa hujjatlar asl nusxalari bilan solishtiriladi va konsul tomonidan tasdiqlanadi.

  • Ariza beruvchining ma’lumotlari o‘zbek tilida (lotin alifbosida) so`rovnomada bayon etiladi va unga 35 mm x 45 mm o‘lchamdagi 4 ta surat ilova qilinadi. Shu bilan birga, anketadagi barcha bandlar aniq va tuzatishlarsiz, o‘zgartishlarsiz va chiziqlarsiz to‘ldirilishi shart. Barcha nusxalar ariza beruvchi tomonidan to‘ldirilgan sana ko‘rsatilgan holda imzolanishi va konsul tomonidan tasdiqlanishi lozim;

  • Avtobiografiya (tarjima xol) ariza beruvchi tomonidan (o‘zbek tilida) kompyuterda yirik harflar bilan, tuzatishlarsiz va chiziqlarsiz aniq to‘ldiriladi. Maktabda ta’lim olish davridan boshlab hozirgi kungacha ariza beruvchining barcha biografik ma’lumotlari xronologik tartibda bayon qilinadi. Barcha nusxalar ariza beruvchi tomonidan to‘ldirilgan sana ko‘rsatilgan holda imzolanishi va konsul tomonidan tasdiqlanishi shart;

  • Fuqaroning mamlakat hududida qonuniy yashash huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (Aufenthaltstitel, Niederlassungserlaubnis);

  • 130 yevro miqdoridagi konsullik yig‘imi to‘langanligi haqida kvitansiya (Bosh konsulxonada EC- bank karta orqali to‘lash imkoniyati mavjud);

  • Chet el fuqaroligini berish to‘g‘risidagi kafolat xati yoki chet el fuqaroligiga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnoma (Einbürgerungszusicherung yoki Einbürgerungsurkunde) o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ikki nusxada;

  • Turmush o‘rtog‘ining notarial tasdiqlangan roziligi ikki nusxada va turmush o‘rtog‘ining pasporti nusxasi.

* O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirish uchun hujjat topshiruvchi shaxs Bosh konsulxonada doimiy konsullik ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi shart!

** Chet tillardagi barcha hujjatlar tasdiqlangan tarjimon tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinishi lozim!

*** Barcha hujjatlarning nusxalarining haqiqiyligini tasdiqlash uchun ularning asl nusxalarini taqdim etish talab etiladi.

MUHIM!

  • Agar ariza beruvchi va uning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) Germaniya fuqarosi bo‘lsa yoki chet el fuqaroligini olish kafolatiga ega bo‘lsa, bunday holatlarda ushbu hujjatlarning (Einbürgerungszusicherung, Einbürgerungsurkunde yoki Kopie des Ausweises) nusxalari taqdim etilishi lozim, ularning tarjimasi faqat o‘zbek tilida bo‘lishi kerak.

  • 2021 yil 10 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6185 Farmonining 9-bandiga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga yangilangan tartibni joriy etish haqida», ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan va davlat tilida emas bo‘lgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinishlari shart.

  • Ariza, Bosh konsullikka barcha hujjatlar taqdim etilgan va tekshirilgan vaqtdan boshlab ijro etish uchun qabul qilingan hisoblanadi.

  • Manzil yoki telefon raqamlari o‘zgargan taqdirda, bundan Bosh konsullikka yozma tarzda xabar berish so‘raladi. Agar ariza beruvchining aktual manzil va telefon raqami mavjud bo‘lmasa, Bosh konsullik O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish hujjatlari ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishni kafolatlamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan fuqarolar ro‘yxati

Hurmatli fuqarolar!

Agar Siz o‘z ma’lumotingizni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqanlar ro‘yxatida topsangiz, Bosh konsulxonaga ma`lumotnoma olish uchun murojaat qilib quyidagilarni taqdim etishingiz so`raladi:

O‘zbekiston Respublikasi pasporti;

Qabul vaqtida konsullik to‘lovlari – 40 yevro.

Shuningdek, ma`lumotnomani pochta orqali ham olish mumkin. Bu holatda Bosh konsulxonaga quyidagilar yuborilishi lozim:

O‘zbekiston Respublikasi pasporti;

To‘lov haqida kvitansiya nusxasi (40 yevro);

Orqa manzili ko‘rsatilgan markali konvert.

Bank rekvizitlari Bosh konsullik saytida ko‘rsatilgan.

Bosh konsulxona hujjatlarni pochta orqali yetkazish va barcha pochta xarajatlari uchun mas’ul emas!