Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o’tkazilgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O’zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlarini belgilab berdi.
Konstitutsiyamizda jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi eng muhim masalalar qatorida bola huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash vazifasi ham o’z ifodasini topdi. Jumladan, Bosh qonunimizga asosan, bolalar mehnatining bolaning sog’lig’i, xavfsizligi, axloqi, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, ta’lim olishga to’sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlandi.
Shuningdek, ilk bor ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo’lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi alohida mustahkamlandi. Eng muhimi, Konstitutsiyaga bir qator yangi boblar kiritilib, unda bolalarning maqomi yanada kuchaytirildi. Xususan, ota-onalar va ularning o’rnini bosuvchi shaxslar o’z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqishi, tarbiyasi, ta’lim olishi, sog’lom, to’laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g’amxo’rlik qilishga majburligi belgilab qo’yildi.
Bosh qonunimizda davlat va jamiyat yetim, ota-onasi vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishi, sog’lom, to’laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi ham aks etgan. Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to’laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekani alohida belgilangan.
Bolalarga g’amxo’rlik qilish, doimo qo’llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki yurtimizda bolalar hayotimiz davomchilari, kelajak vorislari sifatida qadrlanadi, mamlakatning bebaho xazinasi hisoblanadi. Agar bolalarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va orzu-intilishlarini ro’yobga chiqarishga zarur sharoit yaratilsa, ularda oldinga intilish, harakat bo’ladi. Konstitutsiyamizda o’z ifodasini topgan ushbu yangiliklar farzandlarimizning har jihatdan sog’lom, hur fikrli avlod sifatida kamolga yetishishiga xizmat qiladi.
O’zbekistonda bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro hujjatlarni va shu asosda qabul qilingan qonunlar ijrosini ta’minlashda bosqichma-bosqich, tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Tahlillar ko’rsatmoqdaki, 2017 yildan boshlab davlatning bu boradagi faoliyati tubdan o’zgardi. Endi islohotlar “Inson manfaati hamma narsadan ustun” tamoyilini amalda ro’yobga chiqarishga qaratildi.
Xususan, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) o’rinbosari — Bola huquqlari bo’yicha vakil lavozimi tugatilib, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo’yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti alohida ta’sis etildi. Bola huquqlari bo’yicha vakilga, shuningdek, bolalarning ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lishining oldini olish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan o’quv-tarbiya muassasalari va tarbiya koloniyalari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish vakolati berildi.
Bugun hayotimizda bolalarning haq-huquqlari buzilishi bilan bog’liq muammoli holatlar uchrab turadi. Ba’zida hatto bolalarning o’z yaqinlari ham ularning manfaatiga zid xatti-harakat qilishi, bolalar o’z yaqinlari tomonidan zo’ravonlikka uchrashi ham mumkin. Shunday vaziyatda bola o’z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so’rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek, boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli ekani belgilab qo’yilgan. Bunda murojaat bola to’liq muomala layoqatiga ega bo’lmagani sababli ko’rib chiqilmasdan qoldirilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Bundan tashqari, qonunlarimizda oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o’z fikrini ifoda etishga, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so’zlashga haqli ekani belgilangan. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo’lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda uning fikrini, yoshidan qat’i nazar, ko’rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi shart.
Joriy yil aprel oyida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun qabul qilinib, bolaning huquq va erkinliklari yanada kuchaytirildi. Mazkur qonun xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo’ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlik va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, nogironligi bo’lgan hamda ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni so’zsiz va to’liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor tamoyillarni yangi O’zbekiston ulug’vor g’oyasiga hamohang tarzda ro’yobga chiqarish, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo’lga qo’yish, fuqarolar o’z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadida 2023 yil 8 may kuni Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni qabul qilingan edi.
Unda Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to’liq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo’yicha vakili to’g’risida”gi qonun loyihasini qabul qilish tavsiya etilgan. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “Bola huquqlari bo’yicha vakil (Bolalar ombudsmani) to’g’risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilib, deputatlar tomonidan birinchi o’qishda konseptual ma’qullandi.
Mazkur qonun loyihasida Bola huquqlari bo’yicha vakilning maqomi, uning huquqlari, majburiyatlari, vazifalari va vakolatlari, davlat organlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o’zaro munosabatlari belgilanmoqda. Bola huquqlari bo’yicha vakilga davlat organlari va barcha mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari hamda erkinliklari to’g’risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari hamda Bola huquqlari bo’yicha vakil o’z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo’lmagan tarzda amalga oshirishi ko’zda tutilgan.
Hozirgi kunda Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi tomonidan mazkur qonun loyihasi ikkinchi o’qishga tayyorlanmoqda. Ishonchimiz komilki, bu qonunning qabul qilinishi natijasida O’zbekistonda bola huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafolatlari kuchayadi. Bola huquqlari bo’yicha vakil, unga qonun bilan berilgan vakolat doirasida bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini ro’yobga chiqarishga va ularni amalda ta’minlashga mas’ul bo’lgan tegishli tashkilotlarning faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini o’rnatishga xizmat qiladi.
Shuhrat Bafoev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va
fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi raisi