TOSHKENT, 20-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq kecha Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda, shuningdek, AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdilar.
Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini taʼminlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Sammitda sakkiz yil muqaddam Samarqand shahrida tashkil etilgan “S5+1” formati Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot, barcha sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylangani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, o‘zaro anglashuv va sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, bu keng hamkorlik uchun yangi va noyob imkoniyatlar yaratayotganini yuksak baholadi.
Savdo-investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirish, loyihaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish, inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlash, taʼlim dasturlarini kengaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishiga ko‘maklashish kabi butun mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yana-da chuqurlashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.