O‘zbekiston Prezidenti Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolariga ijtimoiy g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga doir hujjatni imzoladi

O‘zbekiston Prezidenti Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolariga ijtimoiy g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga doir hujjatni imzoladi

TOSHKENT, 16-mart. “Dunyo” AA/.  Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan  “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Norma” portali maʼlumotiga ko‘ra, ushbu hujjat Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish va hurmat-ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, jamiyatda ezgulik, hamjihatlik va insoniylik muhitini yana-da mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.

Unda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining  Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila aʼzolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga  qator imtiyoz va kafolatlar berilgan.

Jumladan, 2023 yil 1 apreldan boshlab halok bo‘lgan harbiy xizmatchi  oila aʼzolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida, harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilangan. Shuningdek,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila aʼzolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilgan.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 maydan boshlab hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

–         oilaning mehnatga layoqatsiz har bir aʼzosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul taʼminotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilash;

–         oila aʼzolarini (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun MHEKMning 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etish;

–         belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda taʼminlash;

–         qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turarjoy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqini saqlab qolish;

–         halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibini tatbiq etish (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).

2023                      1 iyundan boshlab o‘rnatiladigan tartibga muvofiq:

–         halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha taʼlim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha taʼlim olishi taʼminlanadi;

–         halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;

–         halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan masʼul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

–         yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

–         navbatdagi yillik mehnat taʼtilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha taʼtil olish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 13 mart kuni imzolangan mazkur farmonining to‘la matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://www.norma.uz/qonunchilikda_yangi/halok_bulgan_harbiy_hizmatchilarning_oilalari_imtiezlar_bilan_qullab-quvvatlanadi