Fuqarolikni yo‘qotish asoslari O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 13-martdagi ZRU-610-son «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunining 25-moddasida belgilangan (lex.uz). O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi quyidagi hollarda yo‘qotiladi:
- chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qilish organlariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga xizmatga kirganda;
- chet elda doimiy yashayotgan shaxs uzrli sabablarsiz yetti yil ichida doimiy konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;
- fuqarolik bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etish yo‘li bilan olingan bo‘lsa;
- shaxs chet davlat manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritib yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etib, jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;
- shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlat fuqaroligini olgan bo‘lsa (bunday fuqarolarni aniqlash tartibi — Qonunning 30-moddasi);
- shaxs voyaga yetmaganida tug‘ilishi bo‘yicha yoki ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha chet el fuqaroligini olgan va 21 yoshga to‘lganda chet el fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan bo‘lsa.
Bir shaxsning fuqarolikni yo‘qotishi uning turmush o‘rtog‘i va bolalari fuqaroligini o‘zgartirmaydi. Fuqarolikni yo‘qotish masalalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiya ko‘rib chiqadi. Chet elda yashash o‘z-o‘zidan fuqarolikni tugatmaydi (9-modda), biroq O‘zbekiston o‘z fuqarolarining chet el fuqaroligiga mansubligini tan olmaydi (12-modda). Agar siz uzrli sabab (masalan, kasallik yoki yashash mamlakatida konsullik yo‘qligi) tufayli o‘z vaqtida konsullik hisobiga turmagan bo‘lsangiz, hisobga qo‘yish uchun konsullikka murojaat qilishingiz mumkin (27-modda).
O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo’qotish to’g’risidagi hujjatlarni topshirish istagida bo’lgan shaxs Bosh konsulxonaga shaxsan belgilangan vaqt bilan murojaat qilishi talab etiladi. Hujjatlarni boshqa shaxslar orqali yoki pochta orqali yuborishga yo’l qo’yilmaydi.
Ariza beruvchi O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo’qotish to’g’risidagi hujjatlarni topshirish uchun Bosh konsulxonaga ikki nusxada quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
1. O’zbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulning nomiga ariza.
2. Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʼqotish toʼgʼrisidagi xabarnoma/ogohlantirish xati.
3. Tarjimai hol kompyuterda o`zbek tilida to`ldirilishi lozim. Tarjimai hol ma’lumotlarini xronologik tartibda, oxirgi ish joyining aniq manzili va egallab turgan lavozimi, ism-sharifi, elektron pochta manzili (elektron pochta manzili), O’zbekiston Respublikasi va xorij mamlakatda yashaydigan yaqin qarindoshlarining manzillari va telefonlarini majburiy ravishda ko’rsatgan holda to’ldiriladi (namunaga qarang – Tarjimai hol). Tarjimai holni elektron versiyasini (doc. yoki docx. fayl) USB flesh-diskida olib kelish so’raladi.
4. Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligini pasportning asli va barcha sahifalardan nusxasi, shu jumladan bo’sh sahifalar ham (A4 varaqning bitta sahifasida 2 bet bo’lishi mumkin), sahifalar tartib bilan bo’lishi kerak.
5. Fuqaroning chet elga doimiy yashashga chiqganligini tasdiqlovchi hujjat.
6. Arizachining xorijiy davlat fuqarolik pasporti nushasi.
7. Аrizachining anketa maʼlumotlari (ismi, familiyasi, otasining ismi, tugʼilgan sanasi) oʼzgargan boʼlsa, mazkur holatni tasdiqlovchi xujjat. Agar ushbu hujjat xorijiy davlat vakolatli organi tomonidan berilgan bo’lsa, qasamyod qilgan tarjimon tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan holda taqdim etiladi.
8. Аrizachining xorij fuqaroligini qabul qilgan sanasini tasdiqlovchi xorijiy davlat vakolatli organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma qasamyod qilgan tarjimon tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan holda.
9. 3,5 x 4,5 sm o’lchamdagi fotosuratlar (4 dona).
10. Plastik fayl (Plastikschnellhefter) 2 dona.
11. Konsullik yig’imi to’langanligi to’g’risida kvitansiya – 130 evro.
MUHIM!
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-martdagi PF-6185-sonli «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishning yangilangan tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmonining 9-bandiga muvofiq, arizachi tomonidan taqdim etilgan chet tilida tuzilgan hujjatlar arizachining o‘zi tomonidan davlat tiliga (o‘zbek tiliga) qasamyod qilgan tarjimon orqali tarjima qilinishi lozim.
– Agar O’zbekiston Respublikasining halqaro shartnomasida boshqacha qoidalar belgilanmagan bo’lsa, horijdagi mutasaddi tashkilotlar tomonidan berilgan hujjatlar, O’zbekiston Respublikasida haqiqiy hisoblanishi uchun Legalizatsiya yoki Apostil qililgan bo’lishi lozim.
– Ilova qilinayotgan barcha hujjatlar nushasini tasdiqlash maqsadida ularning asl nushasini taqdim etish shart.
– Murojaat etuvchidan barcha hujjatlar kelib tushgan va ularni Bosh konsulxonada tekshirgan paytdan boshlab iltimosnoma ijro uchun qabul qilingan hisoblanadi.
– Agar arizachi manzilini yoki telefon raqamini o’zgartirsa, bu haqda Bosh konsulxonaga yozma ravishda xabar berishi so’raladi. Ariza beruvchining haqiqiy manzili va telefon raqami bo’lmasa, Bosh konsulxona O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to’g’risidagi hujjatlarni ko’rib chiqish natijalari to’g’risida o’z vaqtida xabar berishga kafolat bermaydi.