Pasport masalasi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 23 iyundagi “O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-4117-sonli Farmoniga ko`ra 2011-yil 1 yanvardan e’tiboran O`zbekistonda O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti amalga kiritilgan.

O`zbekiston Respublikasining biometrik pasporti O`zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pasport egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatdir.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) tavsiyalariga ko`ra O`zbekiston Respublikasining biometrik pasporti quyidagi amal qilish muddatlariga rasmiylashtiriladi:

  • bir yoshgacha bo`lgan fuqarolarga – 2 yil muddatga;
  • bir yoshdan o`n olti yoshgacha – besh yil muddatga. Shu bilan birga, fuqaroga rasmiylashtiriladigan pasportning amal qilish muddati uning 16 yoshidan oshmasligi kerak;
  • 16 yoshdan fuqarolarga pasport 10 yil muddatga beriladi.

Alohida holatlarda agar shaxs Respublika hududidan tashqariga chiqayotgan vaqtda 15 yoshdan oshgan bo`lsa, mazkur 16 yoshga to`lmagan shaxsga pasport 10 yil muddatga berilishi mumkin.

Pasport Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tavsiyalariga ko`ra belgilangan namunada biometrik ma’lumotlar bilan tayyorlanadi va latin harflari yordamida o`zbek va ingliz tilida, Qoraqalpog`iston Respublikasi uchun esa qoraqalpoq, o`zbek va ingliz tillarida personallashtiriladi. Asosiy ma’lumotlardan tashqari pasportga bir qator qo`shimcha ma’lumotlar kiritiladi. Ulardan asosiylari – harbiy majburiyat to`g`risidagi, nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi, ro`yxatdan o`tish yoki ro`yxatdan chiqqanlik to`g`risidagi, chet elga chiqish ruxsat yozuvi va O`zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini kesib o`tganlik to`g`risidagi belgilardir. Vizalar uchun ajratilgan betlarni ko`paytirish hisobiga pasport varaqlari soni ko`paytirildi. Bundan tashqari, yangi tipdagi pasportga fotosurat chop etish yo`li orqali kiritiladi, bu esa hujjatning ehtimoliy qalbakilashtirilishidan himoyalanganlik darajasini oshiradi.

O`zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalarida quyidagi fuqarolar biometrik pasport olishlari mumkin:

  • Doimiy yashash uchun chet elga chiqqan va O`zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalarida doimiy konsullik ro`yxatida turuvchi fuqarolar;
  • Chet elga olti oydan uzoq muddatga va O`zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalarida vaqtincha konsullik ro`yxatida turuvchi quyidagi fuqarolar:
  1. xizmat safariga,
  2. o`qishga,
  3. shartnoma bo`yicha ishlashga,
  4. davolanishga chiqqan .

Pasport rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • biometrik bo`lmagan pasportni biometrik pasportga almashtirishda;
  • shaxs 16 yoshga to`lganda;
  • pasportning amal qilish muddati tugaganida;
  • pasport yo`qotib qo`yilganida;
  • ro`yxatga olish (ro`yxatdan chiqish), alohida ma’lumotlar yoki vizalar uchun ajratilgan betlar ishlatib bo`linganda;
  • pasport blankasi yaroqsiz holga kelganda;
  • farzand xorijda tug`ilganida;
  • familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug`ilgan sanasi o`zgarganida;
  • 16 yoshga to`lmagan shaxs O`zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqayotganida;
  • yozuvlarda noaniqlik va xatolar aniqlanganida;
  • O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi olinganida.

Doimiy yoki vaqtincha konsullik ro`yxatiga ega bo`lgan fuqarolar konsullik muassasasiga pasport rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

a) doimiy konsullik ro`yxatiga olingan fuqarolar uchun:

  • belgilangan shakldagi pasport rasmiylashtirish to`g`risidagi ariza (Bosh konsulxonada olish mumkin);
  • ilgari berilgan pasport va uning nusxasi;
  • tugilganlik xaqida guvohnoma nusxasi;
  • nikoh/ajrashganlik xaqida guvohnoma nusxasi;
  • fuqaro xorijiy davlat hududida mazkur davlat qonunlariga muvofiq yashayotganligini tasdiqlovchi hujjat (viza, doimiy yashash uchun ruxsatnoma, vaqtincha yashash ruxsatnomasi, pasportdagi tegishli yozuv, ma’lumotnoma va h.k.);
  • konsullik yig`imi va xizmat xarajatlarining to`langanligi haqida kvitansiya 90 evro miqdorida.

b) Ota-onalari bilan birgalikda voyaga yetmagan fuqarolar uchun:

  • belgilangan shakldagi pasport berish to`g`risida ariza;
  • pasport (mavjud hollarda) va uning nusxasi;
  • tug`ilganlik haqidagi guvohnomaning asli va nusxasi;
  • 35 x 45 mm o`lchamdagi fotosurat (1 dona);
  • ota-onasi pasportlarining asli va ularning nusxalari – birinchi marta pasport rasmiylashtirish uchun. Ota-onasidan birining pasportini taqdim etish imkoni bo`lmagan hollarda, ushbu holatni izohlovchi hujjat taqdim qilinadi, jumladan, o`lim haqida guvohnoma, nikoh bekor qilinganligi haqida guvohnoma yoki nikoh bekor qilinganligi haqida sud qaroridan ko`chirma (nusxasi) yohud nikohning haqiqiy emas deb tan olinganligi to`g`risidagi sud qaroridan ko`chirma (nusxasi), vakolatli idoralarning pasport oluvchining ota-onasidan birining bedarak yo`qolganligi yoki vafot etganligini tan olish to`g`risidagi ma’lumotnomasi, farzandni yolg`iz ota yoki ona tomonidan tarbiyalanganligini tasdiqlovchi hujjat yoki xorijiy davlat qonunchiligida ko`rsatilgan ushbu mazmunga teng hujjat;
  • fuqaro xorijiy davlat hududida mazkur davlat qonunlariga muvofiq yashayotganligini tasdiqlovchi hujjat (viza, doimiy yashash uchun ruxsatnoma, vaqtincha yashash ruxsatnomasi, pasportdagi tegishli yozuv, ma’lumotnoma va h.k.);
  • ota-onasidan biri xorijiy davlat fuqarosi bo`lsa, uning farzandini O`zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini olishiga e’tirozi yo`qligi haqida notarial tasdiqlangan arizasi;
  • konsullik yig`imi va xizmat xarajatlarining to`langanligi haqida kvitansiya.

Agar ota-ona turli millatga mansub bo`lishsa, “millati” bandiga arizachi xohishiga qarab otasi yoki onasining millatini ko`rsatadi. Konsullik muassasasi mansabdor shaxsi arizachining ota-onasi F.I.SH. va millatini arizachining tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan solishtiradi.

c) vaqtincha konsullik ro`yxatiga olingan fuqarolar uchun:

 

  • belgilangan shakldagi pasport rasmiylashtirish to`g`risidagi ariza;
  • tashkilot yoki muassasa orqali chet elga chiqqan hollarda mazkur tashkilot yoki muassasaning belgilangan tartibdagi so`rovnomasi;
  • pasportning asli va nusxasi;
  • tugilganlik xaqida guvohnoma nusxasi;
  • nikoh/ajrashganlik xaqida guvohnoma nusxasi;
  • 35 x 45 mm o`lchamdagi fotosurat (1 dona);
  • ta’lim muassasidan (ta’lim olish muddati ko`rsatilgan va tarjima qilingan, OTM rahbariyati tomonidan imzolangan va muxr bosilgan holda) yoki ish joyidan (shartnoma tarjima qilingan holda) ma’lumotnoma;
  • fuqaroning xorijiy davlat hududida qonuniy yashayotganini tasdiqlovchi hujjat (viza, ma’lumotnoma, migratsion karta MDH mamlakatlari uchun va h.k.);
  • konsullik yig`imi va xizmat xarajatlarining to`langanligi haqida kvitansiya 70 evro miqdorida.

MUXIM:

Mazkur toifadagi fuqarolarga pasport chet elga qonuniy tarzda olti oydan ortiq muddatga xizmat safariga, o`qish, davolanish va shartnoma bo`yicha ishlashga chiqqan va xorijga vaqtincha chiqishlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan taqdirda beriladi.

Vaqtinchalik konsullik ro`yxatiga olinmagan vaqtincha xorijda bo`lgan fuqarolar pasport rasmiylashtirish yoki olish zarurati bo`lgan hollarda (pasportini yo`qotgan, amal qilish muddatini o`tkazib yuborgan yoki yaroqsiz holga keltirilgan taqdirda) tegishli konsullik muassasasiga O`zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasini (Sertifikat) olish uchun murojaat etadilar va pasportlarini o’zlari doimiy ro’yxatda bo’lgan joy IIV idoralarida olishlari mumkin.

IZOH:

1) barcha xorijiy tillardagi hujjatlar tarjima qilingan xolda bo’lishi lozim;

2) to’lovlarni Bosh konsulxonada amalga oshirish mumkin;

3) O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko`ra chet elda bo`lib turuvchi fuqarolarning barchasi ham O`zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalarida biometrik pasport rasmiylashtiriladigan shaxslar toifasiga kirmasligini e’tiborga olgan holda, Respublikaning vakolatli idoralari qarori bilan O`zbekiston Respublikasining biometrik bo`lmagan pasporti uning egasi tomonidan agar pasportning amal qilish muddati tugamagan bo`lsa 2018-yil 1-iyulga qadar faqat O`zbekistonga qaytish hujjati sifatida, shu jumladan uchunchi davlatlar orqali tranzit o`tish uchun ham, ishlatilishi mumkinligi belgilandi.